14 iyul kuni «Hilol-nashr» matbaa-nashriyotida shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining «Mo‘minning najoti» deb nomlangan mufassal zakot kitobi hamda «Ochiq xat» kitobining ruscha tarjimasi – «Otkrыtoye poslaniye» kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot marosimiga O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Abdulhamid hoji Tursunov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar hoji Tursunov, O‘zbekiston musulmonlar idorasining faxriysi Abdulloh hoji Sattiyev, Abdulhakim qori Matqulov, poytaxtimiz jome’ masjidlarining imom-xatiblari, noiblari tashrif buyurdilar.
«Ochiq xat» kitobi bugungi kunda nafaqat Islom olami, balki butun dunyoning eng og‘ir muammosiga aylangan hodisaga bag‘ishlangan.
“Islom dinining besh ruknidan uchinchisi bo‘lmish zakot ibodati haqida kerakli ma’lumotlarni o‘qib-o‘rganish va bilish, ularga amal qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Shuning uchun zakot haqidagi bilimlarni keng tarqatishga hamisha ehtiyoj bo‘lgan va bu borada juda ko‘p kitoblar ta’lif qilingan. «Hadis va hayot» turkum kitoblarining sakkizinchi juzi ham aynan shu ruknga bag‘ishlangan edi. Bugun esa muhtaram o‘quvchilarimizga zakot haqida mufassal so‘z yuritilgan ushbu kitobni taqdim etayotganimizdan behad mamnunmiz va ular ushbu kitobdan o‘zlarini qiziqtirayotgan ko‘pgina savollarga javob topadilar, degan umiddamiz”, deyiladi «Mo‘minning najoti» kitobi so‘zboshisida.