O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Seni yaxshi ko‘ramiz, O‘zbekiston!” nomli publitsistik maqolalar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda yozuvchilar, tanqidchi va publitsistlar, mualliflar va adabiyot muxlislari ishtirok edi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali yoshlarni ushbu to‘plamning chop etilishi bilan qutlarkan, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan, turli yillarda matbuot sahifalarini bezagan ushbu asarlarning kitob holida to‘planishi kitobxonlikni rivojlantirishga arzimas bo‘lsa-da hissa qo‘shishini ta’kidladi.
“Seni yaxshi ko‘ramiz, O‘zbekiston!” kitobi O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo tashabbusi, to‘plab nashrga tayyorlovchi — Fozil Farhod, mas’ul muharrirlar — O‘ktam Mirzayor, Baxtiyor Haydarov, Behzod Qobulov mehnati mahsuli o‘laroq O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi ko‘magida “Akademnashr” nashriyotida chop etildi.
To‘rt qismdan iborat ushbu kitobda 27 nafar yosh publitsistlarning Vatan haqidagi samimiy dil izhorlari o‘rin olgan.