Saudiya Arabistonida yashayotgan o‘zbeklar Jidda shahrida iftorlik dasturxonida yig‘ilishdi. Mahalliy matbuotning yozishicha Jidda shahridagi Buxoriy mahallasida 35 yildan beri mana shunday iftorliklar tashkil etiladi.
Saudiya Arabistonilik o‘zbeklardan Abdurahim Nazarbekning aytishicha, bunaqa tadbirlar yana ko‘p marta o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Tasdiqlanmagan turli ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 300 000 dan 1 000 000 gacha o‘zbeklar istiqomat qilishadi (ularni turkistonlilar, buxoriylar deb ham atashadi). Ular asosan Makka, Madina, Jidda va Toif shaharlarida yerlashishgan.
Rossiya bosqini, qatag‘onlar sabab o‘zbeklar Saudiya Arabistoniga o‘tgan asrning boshlaridan ko‘chib kela boshlashgan. Afg‘onistonga rus qo‘shinlar kirishi oqibatida ham ko‘plab o‘zbek oilalari Saudiya Arabistonidan boshpana topishgan.
Saudiya Arabistonilik o‘zbeklar orasidan vazirlar, generallar va olimlar yetishib chiqqan.
Abdurahim Nazarbek o‘zbek tilida gaplashadigan kam sonli saudiyaliklardan biridir. Uning aytishicha, yosh o‘zbeklarning 40 foizi o‘zbekchani bilishadi.