Saudiya Arabistonida 12 dekabr kuni o‘tgan mahalliy kengashlarga saylovda kamida besh nafar ayol g‘alaba qozondi. Bu haqda dastlabki hisob-kitoblarga asoslanib, Associated Press axborot agentligi xabar tarqatdi.
Mahalliy kengashlar saylovida ilk bor ayollar o‘z nomzodini qo‘ydi hamda ovoz berdi. Shu bois dunyo matbuoti shanba kungi saylovni “Saudiya ayollari uchun tarixiy kun” deb baholadi.
Makkai Mukarrama yaqinidagi Madrakah qasabasidan o‘z nomzodini qo‘ygan Salma al-Utaybiy (Salma al-Oteibi) 10 nafar nomzod orasida saylovchilarning eng ko‘p ovozini yig‘ib, mahalliy kengash deputati bo‘ldi. Al-Javf mintaqasida Hinuf al-Hazmiy (Hinuwf al-Hazmi) esa 13 nafar erkak nomzod orasida g‘alaba qozongan. Shuningdek, Jidda shahridan – Lama al-Sulaymon (Lama al-Suleiman), Tabuk mintaqasidan – Mona al-Emeriy (Mona el-Emery) hamda Fadhila al-Attaviy (Fadhila al-Attawy) saylovda g‘olib chiqqan.
Jahon matbuoti saylov byulletenlari yakuniy hisob-kitobidan keyin ayol deputatlar soni oshishi mumkin deya ma’lum qilgan.
Caudiya axborot agentligi (SPA) xabariga ko‘ra, mahalliy kengash deputatligiga 6000 ga yaqin erkak va 979 nafar ayol o‘z nomzodini qo‘ygan. Mahalliy saylov komissiyalari 1 million 350 mingdan oshiq erkak va 130 ming ayolni saylovchi sifatida ro‘yxatga olgan.
Jiddalik ayol 12 dekabr kungi saylovda ovoz bermoqda. AFP fotosi
Ayollar ilk bor ishtirok etgan saylov mamlakat hayotidagi muhim siyosiy hodisa sifatida baholanmoqda. Mahalliy kengash deputatligiga nomzod – Shahzoda Sulton universiteti professori Hayfa al-Hababiy ushbu tarixiy voqea Saudiya Arabistoni ayollariga yangi imkoniyatlar eshigini ochishini ta’kidlagan.
“Saudiya ayollari saylovda ilk bor qatnashayotgani e’tiborga molik hodisa. Mahalliy kengashlar a’zoligi uchun 979 nafar ayol o‘z nomzodini ilgari surdi. Bu juda katta ko‘rsatkich hamda olg‘a tashlangan ijobiy qadam”, – degan siyosiy tahlilchi Abdulrahmon Rashid “Al-Arabiya”ga bergan intervyusida.
Ayni paytda Saudiya Arabistonida xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar olib borilmoqda.
Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Abdulloh bin Abdulaziz Oli Saud (2005-2015) 2011 yil sentyabrda xotin-qizlarning mahalliy kengashlar saylovida nomzod hamda saylovchi sifatida qatnashishiga ijozat bergan edi.
Ijtimoiy hayotda xotin-qizlar rolini oshirishga qaratilgan islohotlar jarayonida, shuningdek, 30 nafar ayol ilk bor Saudiya Arabistonining oliy maslahat organi – Majlis ash-Sho‘ro a’zoligiga tayinlandi.
Bunga qadar, 2007 yilda malika Javhara bint Fahd bin Muhammad Oli Saud mamlakat xotin-qizlari orasida birinchi bo‘lib oliy o‘quv yurti rahbari bo‘lgan edi.
Sobir Salim
Shu mavzudagi maqola:
Saudiya Arabistoni boshqaruvida o‘zgarishlar ro‘y berdi. 02.05.2015