Rishtondagi xalq kutubxonasini kengaytirish aktsiyasi

Rishtonlik ma’rifatparvar, asl kasbi tadbirkor bo‘lgan Dilshod Boltaboyev tashabbusi bilan tuman bozorida xalq kutubxonasi tashkil etilgani haqida avval xabar bergandik. Ushbu xalq kutubxonasini yanada kengaytirish uchun hashar aktsiyasi boshlandi.

Rishton dehqon bozori hududida joylashgan kutubxona uchun 12 kvadrat metr joyda kichik bino qurilmoqda. Buning uchun Rishton tumani hokimligidan ruxsatnoma olindi. Bino Akfa romlar bilan o‘ralib, ichiga kitob javonlari joylanadi, o‘quvchilarga kerakli sharoitlar yaratiladi.

Kutubxona uchun xayriya fondi ochish maqsadida Dilshod Boltaboyev nomiga Agrobankdan plastik karta ochildi. Dilshod Boltaboyev fondga tushgan barcha mablag‘lar va bino xarajatlarini Feybukdagi sahifasida xabar qilib kelmoqda.

“Bismilloh deb ishni boshladik. Sement yotqizib bo‘lindi. Xudo xohlasa, ko‘rgan barcha insonlar havas qiladigan kutubxona qilish niyatim bor. Mana shu yerdan joy ajratilishiga bevosita ko‘maklashgan Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayevga, Rishton tumani hokimi G‘ayratali Mamadaliyevga minnatdorlik izhor etaman”, deydi Dilshod Boltaboyev.

Xalqimizning ilmu ziyosi yo‘lida ko‘maklashmoqchi bo‘lsangiz, quyida keltirilgan plastik karta raqamiga xayriya qilishingiz mumkin:

Dilshod Boltaboyev nomiga ochilgan plastik karta raqami: 8600 0423 9788 7851

Dilshod Boltaboyev telefon (Telegram) raqami: +998905603300

Kitob yuborish uchun manzil: Farg‘ona viloyati, Rishton tumani, Miskin MFY, Ehtirom ko‘chasi, 23-uy. Indeks: 151300. Dilshod Boltaboyevga.