Joriy yilning 6 iyulidan 11 iyul kuniga qadar “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining zamonaviy avialaynerlarida o‘zbekistonlik ziyoratchilarni Ramazon oyidagi umra safariga yuborish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda fuqarolarimizning hujjatlari Saudiya Arabistoni Podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga viza rasmiylashtirish uchun tayyorlanmoqda, deya xabar beradi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sayti.
Saudiya Arabistoni Podshohligida havoning anomal darajada isib ketishi hamda ziyoratga boruvchi fuqarolarimizning hohish istaklarini inobatga olib, Ramazon mavsumida jami 670 nafar (ziyoratchilarning asosiy qismi 5496 nafari Bahor mavsumida ziyoratga borgan) fuqarolar Toshkent–Jidda–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta charter aviareysida ziyoratga boradilar.
Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.
Ziyoratchilarga safardan oldin davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo‘llanmasi va videoyo‘riqnomalar taqdim etildi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 150 metr masofada joylashgan to‘rt yulduzli “Feyruz al-Xayr” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Haram masjidi”dan 1500-2000 metr uzoqlikda joylashgan “Sovfat al-Miya’d” mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahrida 3 kecha – 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgandan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar.
Mehmonxonada ziyoratchilarimiz saharlik va iftorlik qilishlari uchun oshxona, sog‘liqlarini doimiy ravishda nazorat qilib turish maqsadida tibbiyot punkti tashkil etilgan. Har bir xonada televizor, muzlatgich, konditsioner va boshqa zarur anjomlar bilan ta’minlangan. Ziyoratchilarimiz sun’iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyesi dasturlarini tomosha qilish, Vatanimizda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.
Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-869 son Qarori asosida Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan “Haj” va “Umra” masalalari bo‘yicha attashe bilan hamkorlikda tashkil etiladi.