4 iyun kuni Turkiyaning Qora dengiz bo‘yidagi Zonguldak shahrida barpo etilgan Uzun Mehmet jome’ masjidida ilk juma namozi ado etildi. Muhtasham masjidning ochilishi marosimida prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham ishtirok etdi.
Erdo‘g‘on o‘z chiqishida masjidni barpo etishga hissa qo‘shgan oddiy ishchilardan tortib me’morlargacha tashakkur bildirar ekan, Qur’oni karimning “Tavba” surasi 18-oyatini yodga oldi.
“Allohning masjidlarini faqat Allohga va Oxirat kuniga iymon keltirgan, namozni to‘kis ado etgan, zakotni (haqdorlarga) ato qilgan va yolg‘iz Allohdangina qo‘rqadigan zotlargina obod qilurlar. Ana o‘shalar hidoyat topguvchi zotlar bo‘lsalar ajabmas”, – deyiladi ushbu oyati karimada.
R.T.Erdo‘g‘on masjidlar millat ozodligi va mamlakat barqarorligi uchun kurashda ma’naviy muhofiz bo‘lib kelganini ta’kidladi.
Prezident Erdo‘g‘onga ko‘ra, turk millatining dunyo maydonida mustahkam o‘ringa ega bo‘lib borayotganiga toqat qila olmayotgan g‘animlar endilikda millatning ma’naviy istehkomi bo‘lgan masjidlarga ham o‘gay ko‘z bilan qaramoqda.
Qayd etilishicha, 1071 yildagi Malazgirt jangidan to 2016 yil 15 iyul voqealariga qadar – turk millatining ming yillik dolg‘ali kurashlardan zafar va g‘alaba bilan chiqishida birlik hamda ma’naviy birodarlikning ahamiyati kattadir.
Yangi masjidning Uzun Mehmet nomi bilan atalishi bejiz emas. Ushbu tarixiy shaxs 1829 yili Zonguldakda ilk ko‘mir konini topgan, shu tariqa ushbu shahar mamlakatning muhim sanoat markazlaridan biriga aylangan edi.
12 ming kvadrat metr (yashil hududlar bilan birga 34 ming kvadrat metr) maydonda barpo etilgan masjid xonaqohi 6 ming musulmonni o‘z bag‘riga oladi, sahnni ham qo‘shganda bir paytning o‘zida 7500 kishi ibodatlarni ado etishi mumkin. 71 metr balandlikdagi minoralar ham masjidga o‘zgacha viqor bag‘ishlaydi.
Joriy yil 28 may kuni Istanbul shahrining tarixiy hududida Taqsim jome’ masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan va unda ham prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on qatnashgan edi.
Taqsim maydonida masjid barpo etish masalasi o‘nyilliklar davomida turk jamoatchiligi orasida muhokamayu munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Qayd etilishicha, Istanbulning ushbu tarixiy qismida masjid qurish g‘oyasi Usmonli-Rusiya urushi yillarida tug‘ilgan. Ammo yillar davomida ushbu g‘oya ro‘yobiga jamiyatdagi turli siyosiy guruhlar to‘sqinlik qilib kelgan.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 1994 yili Istanbul shahri hokimi lavozimiga saylangan paytdayoq Taqsimda jome’ masjid barpo etish niyatini bildirgan. Ammo turli sabablarga ko‘ra bu reja ortga surilgan va nihoyat oradan 27 yil o‘tib ushbu niyat ro‘yobga chiqdi.
2020 yil 24 iyul kuni Istanbul ramzi sanalgan ko‘hna Ayo Sofiya obidasida 86 yillik tanaffusdan keyin ilk juma namozi ado etildi va salkam bir asr davomida muzey sanalgan maskanga masjid maqomi qaytarildi.
2019 yil bahorda esa Bosforning chap sohilida muhtasham Chamlija (Çamlıca) jome’ masjidi qurib foydalanishga topshirildi. 6 yil davomida qurilgan va 63 ming kishini sig‘diradigan ibodat maskani Istanbulning eng katta masjidi sanaladi.
S.Salim