Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasining majlisida referendum uchastkalarining ovoz berishga tayyorligi haqida ma’lumot berildi, deb xabar beradi “Kazinform” agentligi.
“Hamkasblarimizning aytishicha, uchastka komissiyalari ovoz berish kuniga shay. Saylov byulletenlari saylov uchastkalariga yetkazilib, ularning xavfsizligi ta’minlandi”, – dedi MSK raisi Nurlan Abdirov.
Shu bilan birga, komissiya raisi fuqarolar o‘ziga qulay saylov uchastkasida ro‘yxatdan o‘tib, o‘sha yerda ovoz berishi mumkinligini qayd etgan.
“Referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar saylov uchastkalariga murojaat qilishlari, ro‘yxatdan chiqarilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani olishlari va o‘zlariga qulay saylov uchastkasida ro‘yxatdan o‘tib, o‘sha yerda ovoz berishlari mumkin. Referendum bo‘yicha Markaziy komissiya va mamlakatning barcha hokimiyat organlari referendumga barcha imkoniyatlarni ishga soldi. Ta’kidlab o‘tish joizki, elektron tizim yaratilib, unda har bir fuqaro ro‘yxatdan o‘zini tekshira oladi”, – dedi MSK raisi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 5 iyun kuni Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tadi.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 17 may kuni Toshkentda tashkil qilingan davra suhbatida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Darxon Satibaldi mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan ilgari surilgan konstitutsiyaviy-siyosiy islohotlar haqida batafsil so‘zlab bergan edi.