16 mart kuni Qozog‘iston senati “Ikki davlat o‘rtasida Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Bu haqda “Kazinform” agentligi xabar berdi.
“Davlat chegarasining xalqaro-huquqiy rasmiylashtirilishi Qozog‘iston tashqi siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, bu esa mamlakat milliy xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston bilan chegarani qonuniylashtirish jarayoni 2022 yil 22 dekabrda ikki davlat prezidentlari tomonidan Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi bilan yakunlandi. Chegara demarkatsiyasi 2001–2002 yillardagi Qozog‘iston–O‘zbekiston davlat chegarasi to‘g‘risidagi kelishuvlar asosida amalga oshirildi”, – dedi Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Roman Vasilenko.
Shuningdek, u demarkatsiya bo‘yicha muzokaralar 2003 yilda boshlanganini aytdi. Mahalliy chegara belgilarini o‘rnatish bo‘yicha ishlar 2004 yildan 2021 yilgacha davom etdi. 19 yil davomida Qozog‘iston–O‘zbekiston qo‘shma demarkatsiya komissiyasining 100 ta va qo‘shma demarkatsiya qilish bo‘yicha ishchi guruhining 34 ta majlisi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilishicha, chegara uzunligi 2356 kilometrni tashkil etgan. Chegara chizig‘iga 1301 ta belgi o‘rnatilgan. Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegara chizig‘i 5 kilometrga uzaytirilgan.
Mavzuga doir maqolalar:
Qozog‘iston va O‘zbekiston tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazmoqchi. 03.02.2023
O‘zbekiston–Qozog‘iston: suv muammolariga doir chora-tadbirlar belgilandi. 09.02.2022