Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha tezkor guruhning navbatdagi uchrashuvi Ostonada joriy yil fevral oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tadi. Interfaks axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdurahmonov ma’lum qilgan.
“Belgilangan tartibga muvofiq biz kafil davlatlardan kerakli axborotni olgach, uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz”, – deya muzokaralar sanasi keyinroq ma’lum qilinishini bildirgan Q.Abdurahmonov.
Avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi vakili, general-mayor Stanislav Gajimagomedov Ostonadagi keyingi uchrashuv 15-16 fevralda o‘tishini aytgan edi.
6 fevral kuni Ostonada Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni hamkorlikda monitoring qilish masalasi yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Qozog‘iston Qurolli kuchlari Harbiy-tarixiy muzeyida o‘tgan uchrashuvda Rossiya, Turkiya, Eron va BMT vakillari qatnashdi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Stanislav Gajimagomedov muzokaralar ijobiy ruhda o‘tganini qayd etgan.
Qatnashchilar o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga rioya etish va turli provokatsiyalarning oldini olish yuzasidan fikrlashgan. Uchrashuvda, shuningdek, gumanitar yo‘nalishda o‘zaro ishonchni mustahkamlash zaruratiga ham urg‘u berilgan.
“Delegatsiyalar Suriyada harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga to‘la rioya etish borasida hamkorlikni davom ettirishga shayligini bildirdi”, – degan Rossiya delegatsiyasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 23-24 yanvar kunlari Ostonada Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishga bag‘ishlangan ilk muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi.
Ikki kun davom etgan muzokaralar yakunida Rossiya, Turkiya va Eron Tashqi ishlar vazirliklari Suriya masalasini harbiy yo‘l bilan hal qilishning imkonsizligi borasidagi yakdil fikrga kelgan. Keskin munozaralardan keyin tomonlar qo‘shma bayonot qabul qilgan. Unga ko‘ra, uchta davlat Suriyada o‘t ochishni to‘xtatish tartibini buzishga urinishlarga birgalikda kurashadi hamda yarashuvning buzilishi holatlarini monitoring qilib boradi. Qolaversa, mo‘tadil muxolifatni terrorchilik tashkilotlaridan farqlashga e’tibor qaratiladi. BMT Xavfsizlik Kengashi terrorchi tashkilot deb tan olgan IShID, “Jabhat an-Nusra” kabi qo‘poruvchi guruhlar bilan hech qanday kelishuvlar bo‘lmaydi.
Qozog‘iston keyingi yillarda xalqaro ziddiyatlarni bartaraf etishda faol ishtirok etmoqda. Mamlakatning tinchlik siyosati va dunyo barqarorligi yo‘lidagi diplomatik sa’y-harakatlari xalqaro jamoatchilik tomonidan ijobiy baholanmoqda. Jumladan, Suriyadagi bir-biriga dushmanlik kayfiyatidagi turli guruhlarning Ostonada jamlanib, muzokaralar stoliga o‘tirishi ham Qozog‘iston diplomatiyasining yutuqlaridan biri sanaladi.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, mamlakat BMT Xavfsizlik Kengashining muvaqqat a’zosi sifatida mintaqaviy va xalqaro muammolarni yechishga o‘z hissasini qo‘shishga intiladi.
Shu mavzudagi maqola:
Suriyada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Ostona uchrashuvlari: Qozog‘iston diplomatiyasi yutug‘i. 25.01.2017