Qo‘shilmaslik harakati sammiti yakuniy hujjatiga Qorabog‘ masalasi ham kiritildi

Qo‘shilmaslik harakati Armaniston hamda Ozarboyjon o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatini Ozarboyjon davlati hududiy yaxlitligi, suvereniteti va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralariga rioya etgan holda hal etishga chaqirdi. Trend agentligi xabariga ko‘ra, Qo‘shilmaslik harakatining Venesuelada bo‘lib o‘tgan sammiti yakuniy hujjatida mazkur nuqtai nazar aks etgan.

Xalqaro mashvaratda Ozarboyjon nomidan mamlakat Tashqi ishlar vaziri Elmar Mamadyorov qatnashgan.

Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo davlatlar BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari qabul qilinganiga qaramay, Qorabog‘ ziddiyati hal etilmay kelayotganini taassuf ila qayd etgan. Ta’kidlanishicha, bu holat xalqaro huquq me’yorlarining buzilishiga olib kelib qolmay, Ozarboyjon suverenitetiga ham daxl qilmoqda.

Sammit yakunida Qo‘shilmaslik harakatining 2019 yildagi mashvarati Bokuda o‘tishi ma’lum qilingan. Shu bilan birga, 2019-2022 yillarda xalqaro tuzilmaga Ozarboyjon raislik qilishi kutilmoqda.

Qo‘shilmaslik harakati harbiy bloklarda qatnashmaslik tamoyiliga ko‘ra 120 davlatni birlashtirgan xalqaro tashkilotdir. Harakatga 1961 yilda 25 davlat tomonidan asos solingan. Ozarboyjon 2011 yildan Qo‘shilmaslik harakatining teng huquqli a’zosi sanaladi.

Qo‘shilmaslik harakati sammiti yakuniy hujjatidan kelib chiqib, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Hikmat Hojiyev bayonot berdi. Unga ko‘ra, YeXHT Minsk guruhi hamda Armaniston Qo‘shilmaslik harakatining Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha pozitsiyasini e’tiborga olishi lozim.

H.Hojiyevga ko‘ra, xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi boshqa mamlakatlarning hududiy yaxlitligi buzilishiga sabab bo‘lmasligi darkor.

“Bu esa Armanistonning Ozarboyjon hududini okkupatsiya qilganini ushbu tamoyil bilan xaspo‘shlashga urinishi butkul asossiz ekanini yana bir karra tasdiqlaydi”, – deydi Ozarboyjon TIV rasmiy vakili H.Hojiyev.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

Shu mavzudagi maqola:

Tog‘li Qorabog‘ muzokarasiga tan olinmagan davlat jalb etilmaydi. 12.06.2016