Qirg‘izistonning O‘sh viloyati, Qorasuv tumanidagi “Abdurahmon ibn Avf” nomli madrasa tomonidan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga bag‘ishlangan “Hazrat” kitobi chop etildi. Kitobga zamondosh olim va muxlislarning Shayx haqidagi xotiralari jamlangan.
Kitob Shayx hazratlarining hayoti, ilmiy faoliyati, ustozlari, shogirdlari, shamoyillari haqida boshlanib, u kishining vafoti munosabati bilan bir qancha davlatlarning hamda mashhur ulamolarning ta’ziyalari ham kiritilgan. Qirg‘izistonda va O‘rta Osiyoda mashhur bo‘lgan olimlar Alouddin Mansur, Chubak xoji Jalilov, Qodir Malikovlarning ham samimiy o‘y-fikrlari o‘rin egallagan. Kitobda o‘zbek tilidan tashqari qirg‘izcha va ruscha maqolalar ham joy olgan.
Qirg‘izistonlik ulamo, shayx Alouddin Mansur hazratlari marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohni xotirlab shunday yozgan:
“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufni ilm ahligina yaxshi taniydi. U kishi ilm toliblari va barcha xalq uchun yuqori harakat bilan shuncha ilmiy meros qoldirgan bo‘lsa-da, o‘zidagi ilmning hali uchdan birini ham taqdim qilib bo‘lmagan edi. Men mulohaza qilib ko‘rsam, bundan to‘rt asr muqaddam o‘tgan Mulla Aliy Qoriy 109 ta asar qoldirgan ekan. Shayx Muhammad Sodiq esa 120 jilddan ortiq asar yozib qoldiribdi. U kishining naqadar ulkan daraxt bo‘lib ketgani, yiqilganda yana-da sezildi”.
1500 nusxada chop etilgan 312 sahifalik kitob tolibi ilmlar hamda hazratning muxlislari tomonidan hali sotuvga chiqmasidanoq sotib olindi. Yaqin kunlarda bu kitob ko‘proq nusxada chop etilib, halqimizga taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.