Qabala – islom olamining turizm bo‘yicha poytaxti

Ozarboyjonning Qabala shahri 2020 yilda islom dunyosida turizm bo‘yicha poytaxt shahar deb e’lon qilindi. Bu haqda Islom hamkorlik tashkiloti xabar tarqatdi. IHTga a’zo davlatlar turizm vazirlarining Bangladeshda bo‘lib o‘tgan X anjumanida shunday qaror qabul qilingan. Turizm vazirlari XI anjumanini 2020 yilda Qabalada o‘tkazishga kelishib olingan.

 2000 yillik tarixga ega shahar

Qabala shahri Ozarboyjonning shimoli-g‘arbiy qismida, poytaxt Bokudan 225 km masofada joylashgan bo‘lib, mamlakatning eng ommaviy sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Manbalarga ko‘ra, shahar 2000 yillik tarixga ega. Eramizning I asrida Pliniy, Ptolomey kabi muarrixlar asarlarida ushbu shahar yodga olingan. Arab solnomalarida esa ko‘hna kent “Hazar” tarzida qayd etilgan. Qabala 600 yil davomida qadimgi Kavkaz Albaniyasining  poytaxti bo‘lib kelgan.

Jome’ masjid. XVIII asr

Qabala asrlar davomida ko‘plab bosqinlarga guvoh bo‘lgan, lekin tarixiy osori atiqalarini saqlab qolgan. Zamonaviy Qabala yaqinida ko‘hna shahar xarobalari mavjud. Mudofaa minorasi (IX-XI asrlar), Jome’ masjid (XVIII asr) va boshqa obidalar ham sayyohlar e’tiborini tortib kelmoqda.

 Madaniyat va sayyohlik markazi

Qabala shahrining atrofi azim tog‘lar bilan o‘ralgan. Ko‘hna kent oralab oqib o‘tgan tog‘ daryolari iqlim mo‘tadilligini ta’minlaydi. Shaharda 500 yillik tarixga ega o‘rmon va daraxtzorlar ham bor.

Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qabalani mamlakatning Bokudan keyingi ikkinchi sayyohlik markazi deb atagani bejiz emas. Keyingi yillarda shahar qulay geografik joylashuv va noyob tabiati bois madaniy markazga aylanmoqda. Sayyohlar soni yildan-yilga ko‘paymoqda. Shaharda zamonaviy mehmonxona va dam olish zonalari qurilmoqda, infrastruktura yaxshilanmoqda. Masalan, oxirgi yillarda xalqaro aeroport va Haydar Aliyev nomidagi markaz bunyod etildi.

2009 yildan beri Qabala xalqaro musiqa festivaliga mezbonlik qilib kelmoqda. Ochiq osmon ostida o‘tadigan san’at tadbirida Yevropa, Osiyo va Amerika qit’asi vakillari qatnashadi.  Darvoqe, Qabala shahri 2013 yilda MDHning madaniy poytaxti deb e’lon qilingan.

S.Salim