Polsha o‘zbekistonlik mutaxassislarni ish bilan ta’minlashga rozi. Bu haqda O‘zbekiston Mehnat vazirligi Polshada o‘tkazgan muzokaralar yakunida ma’lum qilingan, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Mehnat vazirligi delegatsiyasi Polshada TRADMA, HR AGENCIA, EL-IN, JP CONSTRUCT kabi kompaniyalar bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Xususan, o‘zbek delegatsiyasi Polshaning ikki yirik muzofoti – Lodz va Lyublin gubernatorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Aytish kerakki, Lodz to‘qimachilik, Lyublin esa agrar soha bo‘yicha mamlakatda yetakchi o‘rin tutadi. Mazkur ikki muzofot gubernatorlari A.Baginskiy va P.Charnek qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida malakali kadrlar taqchilligini ta’kidlab, bu borada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga shayligini bildirgan. Shu bilan birga, viloyatlar rahbarlar o‘zbekistonlik mutaxassislarga hujjat tayyorlash bilan bog‘liq rasmiyatchiliklarda yordam va’da qilgan.
Lyublin ishbilarmonlar klubi a’zolari bilan uchrashuvda ham tomonlar mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikning dolzarbligini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Polsha tomoni O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritish istagini bildirgan.
Polsha iqtisodiyotning turli sektorlari uchun malakali mutaxassislarga muhtoj, o‘z navbatida, O‘zbekiston hamkor mamlakatga zarur kadrlar yetkazib berish hamda ularni huquqiy himoya etish istagida, deb xabar beradi Mehnat vazirligi matbuot xizmati.
Avval xabar berganimizdek, Polshaning neft-gaz, energetika, foydali qazilmalarni qayta ishlash, transport, yo‘l qurilishi, qishloq xo‘jaligi kabi sohalardagi kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirishga qiziqish bildirmoqda. 2016 yil sentyabrda Varshavada o‘tgan ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari maslahatlashuvida savdo-iqtisodiy sohada huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish masalasiga e’tibor qaratilgan edi. Polshaning Toshkentdagi elchixonasi Savdo va sarmoyalarga ko‘maklashish bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2017 yilda ikki tomonlama yangi hujjatlar imzolanishi kutilmoqda. Ayni paytda Polsha va O‘zbekistonning turli sohalarda aloqalarini 50 ga yaqin hujjatlar tartibga soladi.
S.Salim
Shu mavzudagi maqola:
O‘zbekiston – Polsha savdo-iqtisodiy hamkorligida foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud. 22.12.2016