Parij va Berlin o‘zaro hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda

22 yanvar kuni Frantsiya va Germaniya o‘rtasida Yelisey do‘stlik bitimi imzolanganiga 56 yil to‘ldi. Ayni shu sanada Axen shahrida Frantsiya Prezidenti Emmanyuel Makron hamda Germaniya kantsleri Angela Merkel tomonidan 56 yillik tarixga ega bitimni to‘ldiruvchi hujjat imzolanmoqda.

Shu munosabat bilan Frantsiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim hamda Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gyunter Overfeld tomonidan qo‘shma bayonot e’lon qilindi.

“Xalqaro muloqot orqali o‘sish va barqarorlikni ta’minlash – Frantsiya va Germaniyaning Yevropadagi, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi yondashuvidir”, – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda frantsuz-olmon do‘stligi va hamkorligi xalqlar o‘rtasidagi yarashuv uchun asos, ziddiyatlarni muloqot orqali hal qilish vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Yevropani birlashtirayotgan yakdillik va birdamlik ruhi paydo bo‘lishida ham ikki xalq do‘stligi hal qiluvchi o‘rin tutgan.

“So‘nggi o‘n yilliklar ichida biz birgalikda Yevropaning buyuk vakillari, jumladan, Erazm, Gyote, Viktor Hyugo, Stefan Sveyg va Shumanning orzularini haqiqatga aylantirdik. Biroq, Frantsiya va Germaniya o‘rtasidagi tarixiy yarashuvga katta hissa qo‘shgan Yelisey bitimining 1963 yilda imzolanishi ko‘pchilik ishonmagan ulug‘vor qadam bo‘lgan”, – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Frantsiya–Germaniya juftligi tomonidan amalga oshirilgan aniq ishlar oradan 56 yil o‘tib, butun dunyo tomonidan, shuningdek, O‘zbekistonda ham tan olinmoqda. Bu o‘rinda O‘zbekistonda o‘z o‘rnini topgan Airbus kompaniyasi, mamlakatning turistik va madaniy boyliklari haqida bir nechta hujjatli film ishlagan Arte frantsuz-olmon telekanalini eslab o‘tish mumkin.

“Bugun Frantsiya va Germaniya o‘zaro hamkorlikning yangi sahifasini ochmoqda. Terrorizm, iqlim, axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt inqilobi, qishloq xo‘jaligidagi o‘zgarishlar kabi ko‘plab dunyo miqyosidagi masalalar xalqaro muloqotni yangi darajaga olib chiqishga undamoqda. Frantsiya–Germaniya muloqoti Yevropa Ittifoqini birlashtirib turgan muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shadi”, – deyiladi diplomatlarning qo‘shma bayonotida.

Bayonotda, shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosati Frantsiya–Germaniya, umuman, butun Yevropa bilan hamohang nuqtalariga ega ekani ta’kidalanadi.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarama-qarshiliklarni bartaraf etish hamda muloqot va barcha sohalarda (iqtisodiyot, infratuzilma, gumanitar, diplomatiya, madaniyat) hamkorlikni rivojlantirish orqali mintaqaviy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘p jihatdan Frantsiya–Germaniya, umuman, butun Yevropa yondashuvini eslatuvchi tashqi siyosatni olib bormoqda. U Yevropaga o‘zining dastlabki tashriflarini amalga oshirish uchun 2018 yil oktyabrda Parij va 2019 yil yanvarda Berlinni tanladi. O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosati doirasida tinchlik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida ish olib borayotgan bir paytda mazkur tashriflar o‘zbek, olmon va frantsuz xalqlari uchun hamkorlik va do‘stlik aloqalarining qudrati ramzi hisoblanadi”, – deyiladi  qo‘shma bayonotda.

1963 yilda  Frantsiya va Germaniya yetakchilari Sharl de Goll hamda Konrad Adenauer mashhur Yelisey bitimini imzolagan edi. Mazkur bitim Ikkinchi jahon urushidan keyin frantsuz-olmon do‘stligini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Emmanyuel Makron hamda Angela Merkel tomonidan imzolanayotgan yangi bitim esa XXI asrdagi global muammolarni Parij–Berlin hamkorligida, bir yoqadan bosh chiqarish hal etishga xizmat qiladi.

Axen bitimi Frantsiya va Germaniyaning tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik jabhalarida hamkorligini tartibga soladi, iqtisodiy integratsiyani yanada jonlantirishni ko‘zda tutadi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Parij va Berlin tashqi siyosat bo‘yicha pozitsiyalarni o‘zaro kelishib, nafaqat ikki mamlakat, butun Yevropa Ittifoqi manfaatlarini himoya qilishga harakat qilmoqda. Jumladan, bitimda Germaniya Federativ Respublikasini BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida qabul qilinishiga erishish ustuvor maqsadlardan biri deya belgilangan.

Axen bitimida, shuningdek, ikki mamlakatning ta’lim, transport, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar, iqlim o‘zgarishi kabi sohalardagi robitalarini rivojlantirishga oid bandlar ham mavjud.

S.Salim