14 noyabr kuni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilganiga 10 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovga tabrik yo‘lladi. Rossiya yetakchisi o‘z maktubida 2005 yil 14 noyabrda imzolangan “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnoma ikki davlat aloqalari tarixida yangi sahifa ochgani, turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga zamin hozirlagani, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalarda robitani kengaytirishga xizmat qilganini ta’kidlagan.
“Toshkent va Moskva o‘rtasida hal qilib bo‘lmas muammo yo‘q”
Globallashuv jarayoni dunyo sarhadlarini qisqartirdi, mamlakatlar o‘rtasidagi robitani yanada kuchaytirdi. Xususan, yangi tarixiy sharoitda O‘zbekiston va Rossiya kabi tarixiy rishtalarga ega mamlakatlar aloqalari yangi bosqichda ko‘tarildi.
1992 yil 20 martida ikki davlat o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatilgan edi. O‘tgan salkam chorak asr davomida strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillariga asoslangan hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Aytish kerakki, ikki davlat hamkorliginng mustahkam huquqiy asosi yaratilgan. Jumladan, 1992 yil 30 mayda “Davlatlararo munosabatlarning asoslari, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida”, 2004 yil 16 iyunda “Strategik sherikchilik to‘g‘risida”, 2005 yil 14 noyabrda esa “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida” shartnomalar imzolangan. Shuningdek, 2012 yil 4 iyunda imzolangan “Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida”gi deklaratsiya o‘zaro hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirdi.
Ikki mamlakat ham bir-birining barqaror taraqqiyoti, xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborining yuksalishidan birdek manfaatdordir. Shu ma’noda O‘zbekiston va Rossiya ham ikki tomonlama, ham BMT, ShHT, MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirib kelmoqda. Muayyan masala va muammolarga qarashlar o‘xshash yoki yaqin bo‘lgani bois ikki davlat xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, Afg‘onistondagi vaziyat, energetik xavfsizlik kabi masalalarda Toshkent va Moskva o‘rtasida siyosiy hamfikrlik mavjud.
Hamkorlikni rivojlantirishda oliy darajadagi uchrashuvlarning muntazamlik kasb etgani ham muhim omil bo‘lmoqda. Aytish joizki, O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonch qaror topgan.
– O‘zbekiston biz uchun mintaqadagi eng ustuvor sheriklardan biri va bizning munosabatlarimiz ayricha ahamiyatga ega – degan edi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Toshkentga so‘nggi tashrifi paytida. – Biz mamlakatning qanday imkoniyatlarga ega ekanini juda yaxshi bilamiz va munosabatlarimizni uning salohiyatiga hamda xalqlarimiz o‘rtasidagi chuqur tarixiy aloqalarga muvofiq ravishda olib boramiz.
Prezident Islom Karimov ham o‘zaro aloqalar ittifoqchilik tamoyillariga muvofiq rivojlanayotganini ta’kidlagan edi.
– Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hal qilib bo‘lmaydigan muammolar yoki bartaraf etib bo‘lmaydigan to‘siqlar yo‘q, mintaqaviy hamda xalqaro darajada ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlari ishga solingan va ular hayotga izchil tatbiq etilayotir, – degan edi O‘zbekiston rahbari.
Birinchi raqamli iqtisodiy hamkor
O‘zaro hamkorlik xususida so‘z borar ekan, savdo-iqtisodiy aloqalarni alohida qayd etish lozim. O‘zbekiston tashqi savdosining beshdan bir qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. 2014 yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayriboshlash 6,1 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Bugunga qadar Rossiya O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo sherigi sifatidagi mavqeini barqaror saqlab kelmoqda.
O‘zbekiston eksportida sanoat mahsulotlarining, xususan, avtomobillarning ulushi ortib borayotgani diqqatga sazovordir. Bundan tashqari, O‘zbekiston Rossiyaga meva va poliz mahsulotlari, tabiiy gaz, to‘qimachilik buyumlari, kimyo sanoati mahsulotlarini eksport qiladi. Rossiyadan esa asosan uskunalar, yog‘och, qora va rangli metallar, tibbiyot, mikrobiologiya va oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar import qilinadi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikning ko‘lami aslida bundan-da keng. Masalan, Rossiya O‘zbekiston avtomobillarining eng asosiy xaridori sanaladi. Rossiyaga “Chevrolet” hamda “Daewoo” brendi ostidagi mamlakatimiz mahsulotlari muntazam eksport qilinmoqda.
O‘zbekiston ham, Rossiya ham yoqilg‘i-energetika sohasida ulkan salohiyatga ega. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Rossiyaning “Lukoyl” va “Gazprom” neft-gaz kompaniyalari mamlakatimizdagi uglevodorod konlarini qidirish va o‘zlashtirish borasida faoliyat olib bormoqda.
Umuman, hozirda respublikamizda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan 902 ta korxona faoliyat yurityapti. Rossiyaning keyingi 15 yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyasi 8 milliard AQSh dollaridan oshadi.
Ittifoqchilikning o‘ninchi yili
Gumanitar va madaniy aloqalar ham ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Toshkentda yigirmaga yaqin hududiy madaniy-ma’rifiy muassasalarni birlashtirgan Rus madaniyat markazi faoliyat ko‘rsatayotir. Rossiyaning nufuzli oliy o‘quv yurtlari filiallarida o‘zbekistonlik yoshlar tahsil olmoqda. Qolaversa, sog‘liqni saqlash, ilm-fan va texnika sohalaridagi o‘zaro manfaatli aloqalar xususida ham ko‘p va xo‘b gapirish mumkin.
Hamkorlikni izchil rivojlantirishda turli darajadagi muntazam uchrashuvlar katta ahamiyatga ega. O‘zbekiston va Rossiya hukumatlararo hamda idoralararo mashvaratlari esa an’ana tusini olgan. Tomonlar ko‘p qirrali manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bot-bot ta’kidlab keladi.
– Rossiya Markaziy Osiyodagi strategik hamkori – O‘zbekiston Respublikasi bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratmoqda. Mamlakatlarimizni olis tarixga ega siyosiy, iqtisodiy, gumanitar aloqalar, do‘stlik, ta’bir joiz bo‘lsa, qardoshlik robitasi bog‘lab turadi. Bu esa Rossiya – O‘zbekiston davlatlararo aloqalarining ishonchli kafolatidir, – deydi Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev.
So‘zimizni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekiston Prezidentiga ittifoqchilik munosabatlarining 10 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigi haqidagi fikr bilan boshlagan edik. Maqolani yana o‘sha tabrikka oid mulohaza bilan yakunlasak. Rossiya yetakchisi o‘z maktubida xalqlarimizning osuda va farovon hayotini ta’min etishga xizmat qiluvchi ittifoqchilik munosabatlari kelgusida yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirgan.
Sobir Salim