Turkiyadagi “Ferfir” nashriyoti o‘zbek yozuvchisi Nurulloh Muhammad Raufxonning “Kuytudaki kulübe” (“Etakdagi kulba”) kitobini chop etdi.
Sharaf Yilmaz muharrirlik qilgan ushbu kitobga muallifning 11 (o‘n bir) hikoyasi kiritilgan.
Istanbulda o‘tkaziladigan an’anaviy CNR kitob ko‘rgazmasida 2016 yil 12 mart kuni “Kuytudaki kulübe” kitobi taqdimoti va imzo kuni bo‘lib o‘tdi. Unda turk adabiyot ixlosmandlari, Turkiyada ta’lim olayotgan vatandosh yoshlar, o‘zbek tili va adabiyotini o‘rganayotgan mahalliy yosh olimlar ishtirok etishdi.
Ushbu kitob taqdimoti tadbirlari doirasida 2016 yil 21 mart kuni Istanbul Fotih Sulton Mehmet universiteti Turk tili va adabiyoti bo‘limida “Navoiy tili-la” nomida “O‘tmishdan bugunimizga qadar O‘zbekiston va o‘zbek adabiyoti” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda muallif Nurulloh Muhammad Raufxon universitet ustozlari va talabalariga o‘zbek adabiyotining kechasi va buguni haqida o‘zbek tilida so‘zlab berdi.
Seminarda turk tili va adabiyoti bo‘limi o‘quvchi-talabalaridan tashqari, shu bo‘lim mudiri professor-doktor Nihat O‘ztuproq (Nihat Öztoprak), o‘qituvchilar professor-doktor Kamol Yovuz (Kemal Yavuz), professor-doktor Fikrat Turon (Fikret Turan), dotsent-doktor Hoshim Erjon O‘zmen (Haşim Ercan Özmen), Anqaradagi Yunus Emro Xalqaro instituti sobiq rektori, professor-doktor Hayotiy Devali (Hayati Develi), Go‘zal san’atlar fakultasi dekani professor-doktor Husrav Suvboshi (Hüsrev Subaşı), Saudiya Arabistonining Makkai mukarrama shahridan kelib Anqara universitetida turk tili va adabiyotidan doktorlik ilmiy ishi qilayotgan tadqiqotchi vatandoshimiz (asli andijonlik) Hamidxon va boshqa mo‘tabar mehmonlar ham qatnashdi.
Shu kunlarda Bursa shahrida o‘tkazilayotgan TÜYAP Kitob ko‘rgazmasida ham 2016 yil 26 mart kuni “Kuytudaki kulübe” kitobining taqdimoti va imzo kuni bo‘lib o‘tadi.