Ramazonning 20-kechasi Makkai mukarramadagi Masjidul Haramda o‘qilgan tarovih namozining dastlabki o‘n rakatiga asl millati o‘zbek bo‘lgan Shayx Hasan bin Abdulhamid Buxoriy imomlik qildi. Shayx Buxoriyga uning shogirdi, asli o‘zbek Shayx Ahmad Yunus Xo‘ja tablig‘chilik qildi (tablig‘ – haramaynda imomdan so‘ng takbirni takrorlash).
Masjidul Haram ustozi bo‘lgan doktor Hasan Abdulhamid Buxoriy Makkadagi Ummul-Qurro Universiteti ulamolari kengashining a’zosidir. U Ummul-Qurro Universitetida shariat va fihqdan ta’lim olgan, 2008 yildan shu oliygohning doktori. Doktor Buxoriy “Iqtisodiy boykotning huquqiy asoslari” kitobi muallifi.
Tasdiqlanmagan turli norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya Arabistonida 300 000 dan 1 000 000 gacha o‘zbeklar istiqomat qilishadi (ularni turkistonlilar, buxoriylar deb ham atashadi). Ular asosan Makka, Madina, Jidda va Toif shaharlarida yerlashishgan.
Rossiya bosqini, qatag‘onlar sabab o‘zbeklar Saudiya Arabistoniga o‘tgan asrning boshlaridan kela boshlashgan. Afg‘onistonga rus qo‘shinlar kirishi oqibatida ham ko‘plab o‘zbek oilalari Saudiya Arabistonidan boshpana topishgan.