Ozarboyjonda Chojuk Marjonli qishlog‘i tiklanishi tarixiy hodisa sifatida baholanmoqda

1993 yil Qorabog‘ urushi vaqti vayron etilgan Ozarboyjonning Chojuk Marjonli (Kichik Marjonli) qishlog‘ida turarjoylar bunyod etiladigan bo‘ldi. Ozarboyjon Prezidenti Ilhom Aliyev joriy yil 24 yanvar kuni Jabroil tumaniga qarashli ushbu qishloqni tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Mazkur hujjatga ko‘ra, dastlab qishloqda 50 ta uy, maktab va boshqa zarur inshootlar bunyod etiladi. Bu maqsadda Qochqinlar va majburiy ko‘chirilganlar ishi bo‘yicha davlat qo‘mitasiga Prezident zaxira jamg‘armasidan 4 million manat ajratiladi.

Bundan 14 yil avval Qorabog‘ urushi kunlari Chojuk Marjonli qishlog‘i Armaniston harbiy guruhi tomonidan egallangan. 1994 yilda Ozarboyjon armiyasi qishloqni qaytarib olgan, ammo qishloq hududga yondosh Leletepadan o‘qqa tutib turilgani bois mahalliy aholi u yerda yashash imkonidan mahrum bo‘lgan. 2016 yil aprel oyida Ozarboyjon tomoni Leletepani qaytarib olgach, qishloqni obodonlashtirish va mahalliy aholining kindik qoni to‘kilgan joyga qaytarish imkoni tug‘ildi.

Trend agentligi xabariga ko‘ra okkupatsiyadan ozod etilgan qishloqni tiklash tashabbusi milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan tarixiy hodisa sifatida baholanmoqda.

Ozarboyjon hukumati raisining o‘rinbosari, “Yangi Ozarboyjon” partiyasi ijrochi kotibi Ali Ahmedov qishloqning tiklanishini dunyo hamjamiyatiga o‘ziga xos ogohlik qo‘ng‘irog‘i deb atagan.

“Biz qaytarib olingan yerlarimiz, xususan, bitta qishloqni tiklash orqali dunyoga ruhan tetik-bardam ekanimiz ko‘rsatmoqdamiz. Bu Tog‘li Qorabog‘ ziddiyatini hal etish uchun tuzilgan xalqaro tashkilotlarga va yerlarimizni vaqtincha egallab olgan Armaniston tomoniga ogohlik qo‘ng‘irog‘idir”, – degan A.Ahmedov.

AQShdagi Markett universiteti xalqaro aloqalar bo‘yicha mutaxassisi Piter Teys ham xalqaro hamjamiyat, inchunin, Yevropa Ittifoqi okkupatsiyadan ozod etilgan hududlarni tiklash borasida Ozarboyjonga yordam ko‘rsatishi zarurligini ta’kidlagan.

Ozarboyjon Qochqinlar va majburiy ko‘chirilganlar ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Ali Hasanov Chojuk Marjonli qishlog‘ini tiklash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, hozirda hududni minalardan tozalash ishlari boshlangan. Muayyan vaqtdan keyin u yerga xalqaro tashkilotlar vakillari va elchilarning safarini uyushtirish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

Cobir Salim