Ozarboyjon TIV xorij fuqarolarini ogohlikka chaqirdi

Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi xorijiy davlatlarni o‘z fuqarolarini provokatsion tadbirda ishtirok etmasligini ta’minlashga chaqirdi. Bu o‘rinda gap Armaniston tomonidan Yerevanda hamda Ozarboyjonga tegishli bosib olingan hududda o‘tkaziladigan xalqaro anjuman haqida bormoqda.

“Mavjud ma’lumotlarga qaraganda, 13-15 sentyabr kunlari Armaniston Yerevanda hamda Ozarboyjonga tegishli bosib olingan hududlarda “Tibbiyotda zamonaviy davolash xususiyatlari” nomli xalqaro anjuman o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Anjumanga Rossiya, Chexiya, Tojikiston, Germaniya, O‘zbekiston va Gruziyadan mutaxassislar taklif etilgan. Armaniston ushbu anjumanni bosib olingan hududlarda tashkil etarkan, aslida zamonaviy davolash masalalarini muhokama etmoqchi emas. Armanistonning bosh maqsadi navbatdagi siyosiy provokatsiyani amalga oshirishdir”, – degan Ozarboyjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Hikmat Hojiyev Trend agentligiga.

Rasmiy Boku xorijlik fuqarolarni aldovga uchmaslik va Ozarboyjon suvereniteti va hududiy yaxlitligi buzilgan holda tortib olingan hududlarga bormaslikka chaqirgan. TIV okkupatsiya qilingan hududga noqonuniy tashrif javobgarlikka sabab bo‘lishini ham eslatib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, rasmiy Boku Tog‘li Qorabog‘ va unga tutash 7 ta tuman (Ozarbayjon hududining 20 foizi) 1989-1993 yillarda Armaniston qurolli kuchlari tomonidan bosib olingan deb hisoblaydi hamda qo‘shni davlat harbiylari okkupatsiya qilingan hududdan chiqishi lozimligini talab qiladi. Armaniston esa tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi manfaatlarini himoya qilib keladi.

Garchi 1994 yilda kelishuv imzolangan bo‘lsa-da, to‘qnashuvlar ro‘y berib turadi. Tahlilchilar tinchlik kelishuvi juda mo‘rt ekani va istalgan payt to‘qnashuv ro‘y berishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ muammosi BMT Xavfsizlik Kengashi 1993 yil 30 aprel, 1993 yil 29 iyul va 1993 yil 14 oktyabrda qabul qilgan rezolyutsiyalar asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi lozim.

S.Salim

Shu mavzudagi maqola:

Hikmat Hojiyev: “Armaniston Ozarboyjon ekologiyasiga zarar yetkazuvchi urush usullarini qo‘llamoqda”. 24.11.2016