Ozarboyjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzurida faoliyat yuritib kelayotgan Haydar Aliyev nomidagi madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov TÜRKSOYning maxsus medali bilan taqdirlandi.
2017 yil TÜRKSOY tomonidan Mulla Panoh Voqif yili deb e’lon qilingani va atoqli ozarboyjon shoirining 300 yilligi munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazilgan va loyihalar amalga oshirilgan.
Xususan, Mulla Panoh Voqifning “Tanlangan asarlar”i ozarboyjon, turk, o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman, boshqird, tatar, ingliz, italyan, rus va ukrain tillarida chop etilgan.
TÜRKSOY bosh direktori Dyusen Kaseinov Haydar Aliyev nomidagi Ozarboyjon madaniyat markazi rahbari Samir Abbosovning mazkur nashr o‘zbekcha variantini tayyorlashdagi xizmatini inobatga olib, maxsus medal bilan taqdirlagan.
Eslatib o‘tamiz, TÜRKSOY – turkiy dunyo madaniyati xalqaro tashkiloti 1993 yilda O‘zbekiston, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmaniston madaniyat vazirlari imzolagan bitim asosida ta’sis etilgan. Tashkilotning asosiy maqsadi turkiy xalqlar o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlikni mustahkamlash, turkiy xalqlar madaniyatini asrash va keng targ‘ib etishdan iborat.