Ozarbayjonning nafaqat salkam 30 yil davomida ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlari, balki Armanistonning o‘zida ham tarixiy obidalari vayron etilgan. “1news.az” ma’lumotlariga ko‘ra, Irevan (Erevan) shahridagi Abbos Mirzo masjidi (yoki Juma masjid) ana shunday obidalardan sanaladi.
Masjid, madrasa, kutubxona, mehmonxona va ichki hovlini o‘z ichiga olgan majmua 1606 yili safaviylar sulolasi vakili Shoh Abbos I farmoni bilan qurilgan. Me’moriy uslubiga ko‘ra masjid Ganja obidalarini yodga solgan. Mazkur tarixiy obida buzib tashlangan va o‘rnida ko‘p qavatli bino qurilgan.
Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Naxchivon filiali Tarix, etnografiya va arxeologiya instituti direktori Gadjifaxraddin Safarlining “Trend.az” nashriga ma’lum qilishicha, Irevan qal’asidagi barcha obidalar, jumladan, Xon saroyi va Pir Husayn maqbarasi ham buzib tashlangan. Shuningdek, me’moriy obidalardagi ozarbayjoncha yozuvlar yo‘q qilingan.
Bundan tashqari, Irevanning Damirbulag (hozirda Karankitag) dahasidagi XVII-XVIII asrlarga oid masjid, Tepaboshi dahasidagi (hozirda Kond) XIX asrga oid masjid, shuningdek, Uchmuazzin (hozirda Echmiadzin) tumanidagi XVII asrga mansub masjid ham vayron qilingan.