Ozarbayjonda 2022 yil “Shusha shahri yili” deb e’lon qilindi

Ozarbayjonda 2022 yil “Shusha shahri yili” deb e’lon qilindi. Mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev 5 yanvar kuni bu haqdagi farmonni imzoladi. Bu o‘rinda shaharning tarixiy ahamiyati, ma’naviy-madaniy qadr-qimmati inobatga olingan. Joriy yilda mazkur tarixiy shaharning 270 yilligi ham nishonlanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, 1752 yilda Qorabog‘ hukmdori Panohalixon tomonidan asos solingan Shusha shahri salkam uch asr ichida dolg‘ali taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va butun Janubiy Kavkazning madaniy, ijtimoiy-siyosiy hayotiga muhim o‘rin tutuvchi boshkentga aylangan.

“Shusha – Qorabog‘ning gultoji, xalqimiz uchun muqaddas va mo‘tabar maskan. Shushaga muhabbat har bir ozarbayjonlik ma’naviy olamining ajralmas tarkibiy qismiga aylangan”, – deyiladi hujjatda.

1992-2020 yillarda okkupatsiya ostida bo‘lgan shahar 2020 yilning 8 noyabrida ishg‘oldan ozod etilgan. Ayni paytda ishg‘ol davrida vayron bo‘lgan tarixiy obidalarni tiklash, infratuzilmani qayta barpo etish ishlari ketmoqda.  Rejaga binoan shaharning tarixiy qiyofasi tiklanadi. Ulug‘ shoir Mulla Panoh Voqif maqbarasi, shoir Bulbulning uy-muzeyi, Uzair Hojibeylining yodgorligi qayta ochiladi.

I.Aliyev imzolagan hujjatda hukumatga “Shusha shahri yili” doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish ham topshirilgan.

Shusha – Ozarbayjonning madaniy poytaxti, Qorabog‘dagi yirik strategik shahar. Unga davlat qo‘riqxonasi maqomi ham berilgan.  Shusha Ozarbayjon san’atining beshigi ham sanaladi. Asrlar mobaynida bu zamindan atoqli so‘z va soz san’ati ustalari yetishib chiqqan. Shaharda yuzyillik mobaynida me’morchilik, hunarmandchilik va savdo-sotiq rivoj topgan.

Ozarbayjon madaniyat vaziri Anor Karimov Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TÜRKSOY) madaniyat vazirlarining  2021 yil sentyabr oyida Xivada bo‘lib o‘tgan anjumanida Shushani 2023 yilda Turkiy dunyo madaniyat poytaxti deb e’lon qilishni taklif etgan edi.

Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2021 yil mart oyida Turkiy kengashning videokonferentsiya shaklida o‘tkazilgan sammitidagi nutqida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirgan.

S.Salim