21 dekabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Markaziy Osiyo –Evropa Ittifoqi mintaqalararo uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘n birinchi bor o‘tkazilgan forumda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan turli sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Evropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi tarqatgan xabarga ko‘ra, uchrashuvda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirlari, Tojikiston va Turkmaniston Tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari hamda YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federiko Mogerini ishtirok etgan.
Muzokaralarda YeIning Markaziy Osiyo uchun 2014-2020 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasini amalga tatbiq etish jarayoni va uning samaradorligini oshirish bo‘yicha tomonlarning takliflari ko‘rib chiqilgan.
“Tashqi ishlar vazirlari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga sodiq qolgani va 2014-2020 yillar davomida Markaziy Osiyoda amalga oshiriladigan dasturlarni moliyalash miqdori 1 milliard yevrodan oshirilganini olqishladilar”, – deyiladi YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi tarqatgan xabarda.
Vazirlar uchrashuvida ta’lim, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi, savdo-iqtisodiy jabhalar bilan bir qatorda xavfsizlik, terrorizmga qarshi kurash masalasi ham e’tibor markazida bo‘lgan.
Qayd etilishicha, muzokaralarda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan xavfsizlik, chegaralarni boshqarish va giyohvandlikka qarshi kurash borasida yaqindan hamkorlik qilib kelayotgani ijobiy baholangan.
Ostona forumida, shuningdek, samarali boshqaruv, inson huquqlari, asosiy erkinliklar va qonun ustuvorligini ta’minlash demokratik jamiyat qurishda muhim o‘rin tutishi e’tirof etilgan.
“Biz mazkur mintaqada ro‘y berayotgan hodisalar Yevropa Ittifoqi uchun o‘ta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini hamda hamkorlikning har ikki tomon – ham YeI, ham Markaziy Osiyo xalqlariga manfaatli ko‘plab yo‘nalishlari mavjudligini yaxshi anglaymiz. Faqat bundan-da samarali, yanada yaqin hamkorlik orqaligina kun tartibidagi muammolarni hal etishimiz hamda mavjud imkoniyatlarimizdan unumli foydalanishimiz mumkin”, – degan YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federiko Mogerini muzokaralar yakuni bo‘yicha bayonotida.
Uchrashuv qatnashchilari vazirlar darajasidagi uchrashuvga mezbonlik qilgani uchun Qozog‘iston Respublikasiga minnatdorlik bildirgan.
Shu kuni Qozog‘iston Respublikasi hamda YeI o‘rtasida keng ko‘lamli sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham imzolangan. Tadbir mezboni – Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Yerlan Idrisov ushbu bitim Bryussel va Ostona munosabatlarini yangi pog‘onaga ko‘tarishi, Qozog‘iston bitimda ko‘zda tutilgan 29 yo‘nalish bo‘yicha YeI bilan hamkorlikni faollashtirishga shayligini bildirgan.
Ostona forumida qatnashgan O‘zbekiston delegatsiyasiga mamlakat Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchilik qilgan. A.Komilov forum doirasida YeIning Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Federiko Mogerini bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgan.
Sobir Salim