«Mening otam boshqa yurtning kichkina qishlog‘idan kelib o‘z o‘g‘lini, ya’ni meni ulkan mamlakatning katta poytaxtida xizmat qilishim uchun qoldirib ketibdimi, demak biz hammaga do‘stmiz». AQShning 44-prezidenti Barak Obama 20 yanvar kuni o‘tkazilgan inauguratsiya marosimidagi nutqini shu so‘zlar bilan boshladi.
Inauguratsiya – bu davlatdagi birinchi raqamli shaxsning o‘z lavozimiga kirishishi munosabati tantanali ravishda o‘tkaziladigan tadbir. Inauguratsiya so‘zi lotincha «inauguro», ya’ni «bag‘ishlayman» degan ma’noni anglatadi. |
Vashingtonda o‘tkazilgan navbatdagi inauguratsiya marosimi miqyosi va ko‘lami jihatidan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Mazkur marosimga qariyb 2 million odam tashrif buyurgani mamlakat tarixidagi yangi rekord bo‘ldi. Bundan oldingi natija Bill Klintonga tegishli bo‘lib, o‘shanda uning qasamyod marosimiga 800 mingdan ortiq fuqaro kelgandi. Ayrim davlatlarda prezidentlikka saylovlar natijalari ma’lum bo‘lgach, oradan hech qancha vaqt o‘tmay, yangi davlat rahbari o‘z ishiga kirishadi. Ammo AQShda 3 noyabr kungi prezidentlik saylovlari va 20 yanvarda tashkil etiladigan inauguratsiya marosimi tarixiy an’analar mahsuli bo‘lib kelmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari bor.
Demak, 1788 yil 13 sentyabrda mamlakat Kongressi tomonidan qabul qilingan qonunga muvofiq qasamyod marosimini 4 martda o‘tkazish belgilab qo‘yiladi. 1933 yil 23 yanvarga kelib Konstitutsiyaga kiritilgan 20-o‘zgartirishga muvofiq, prezident va vitse-prezidentning vakolati 20 yanvarning birinchi yarmida o‘z nihoyasiga yetadi. Ayni shu paytdan boshlab ularning izdoshlarining vakolat muddati boshlanishi ko‘rsatib qo‘yildi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, sananing martdan yanvarga ko‘chirilishiga sabab Oq uydagi qorovullarning o‘zgartirilishi bilan bog‘liq. Shu kungi ilk marosimda Franklin Ruzveltning ikkinchi marotaba qasamyod marosimi o‘tkazilgan.
AQSh prezidentining qasamyod tartibiga ko‘ra, mamlakatda 1797 yildan buyon an’anaviy ravishda yangi yetakchini Oliy Sud raisi qasamyodga keltirish vazifasini bajarib kelmoqda. Bu galgi an’anani Oliy Sudi raisi Jon Roberts ham buzmadi va uning yordamida avval Barak Obama, so‘ngra yangi vitse-prezident Jozef Bayden qasamyod qabul qildi. Vashingtonda, ya’ni hozirgi poytaxtda ilk inauguratsiya marosimi 1801 yilda, Tomas Jefferson o‘z vazifasiga kirishayotgan paytda bo‘lgan. Bu voqea Kapitoliyniing senat qanotida bo‘lib o‘tgan. Oradan 24 yil o‘tib, Jon Kuinsi Adams ilk marotaba Vashingtondagi eng baland bino hisoblanmish Kapitoliyning sharqiy tarafida qasamyod qilgan. 1981 yilga kelib bu an’ana Ronald Reygan tomonidan o‘zgartirildi. O‘shanda u marosimni Kapitoliyning g‘arbiy qanotiga ko‘chirgandi. Hali hanuz bu marosim o‘sha joyda o‘tkazilib kelinmoqda.
Amerikada inauguratsiya marosimidagi ilk nutq mamlakatning birinchi prezidenti Jorj Vashington tomonidan yozilgan, ammo o‘qilmagan ekan. 1817 yilda Jeyms Monro o‘z nutqini tashqarida, ya’ni ochiq osmon ostida o‘qigan. Shu-shu bir necha yillardan buyon bu an’anani (agar ob-havo pand bermasa) boshqa hamkasblari ham davom ettirib kelmoqda. Eng uzun nutq 1841 yilda Uilyam Genri Garrison tomonidan o‘qilgan bo‘lib, sakkiz ming so‘zdan iborat bo‘lgan nutq qariyb ikki soat davom etgan. Odatda, inauguratsiya marosimi uchun nutqlarni prezidentlarning o‘zlari yozishmaydi. Misol uchun, J.Vashingtonga bu borada uning yaqin yordamchisi Aleksandr Gamilton yordam bergan. Linkoln va Ruzveltlar nutqlarini o‘zlari tayyorlashgan.
Qasamyod marosimidan so‘ng B.Obama prezident sifatida nutq so‘zladi. Qora tanli prezident asosiy e’tiborini mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash, tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalar, harbiy sohadagi islohotlar haqida so‘zladi. Aytish lozimki, Barak Obama mamlakat juda qiyin ahvolga tushgan paytda hukumat tepasiga keldi. AQSh ayni paytda ulkan moliyaviy inqirozni boshdan kechirmoqda, mamlakatdagi bir necha yirik banklar, ishlab chiqarish korxonalari jiddiy qiyinchiliklarni boshidan kechirmoqda, eng achinarlisi aholining banklarga bo‘lgan ishonchi tobora so‘nib borayotir. B.Obama oldida tashqi siyosatda ham «ko‘lankasi osmon» ishlar turibdi. Afg‘onistondagi vaziyat asta-sekin izga tushib borayotgandek, ammo Iroqdagi vaziyat eng og‘riqli nuqtaga aylangan. Boz ustiga, sobiq prezident Jorj Bushning bu mamlakatga nisbatan olib borgan siyosati jahon hamjamiyati tomonidan qattiq tanqid ostiga olinmoqda.
2008 yilgi moliyaviy inqiroz esa shundoq ham nurab borayotgan mamlakat iqtisodiyotiga yara ustiga tuz sepkanday bo‘ldi. Bu hali hammasi emas. A£Sh 2009 yilni global muammoga aylanib bo‘lgan ishsizlik muammosi bilan kutib olishga majbur bo‘ldi. ¥ozir mamlakatda ishsizlar soni 5 milliondan oshib ketgan. Tahlillarga ko‘ra, A£Shdagi kompaniyalarning qariyb 50 foizi ishchilarni yana qisqartirishni ma’lum qilgan.
Inauguratsiya marosimida so‘zga chiqqan yangi prezident iqtisodiyotni ko‘tarish va keyingi ikki yilda mamlakatda qariyb 3 millionga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishni va’da bergan. O‘z xalqiga murojaat bilan chiqqan Barak Obama elektr energiyadan imkon boricha tejab foydalanishni, buning evaziga hukumat yuqori tezlikdagi Internetni yaratish va maktablarning moddiy texnik bazasini yaxshilashni ma’lum qilgan. Nutq so‘nggida Obama janoblari o‘zidan oldingi davlat rahbari Jorj Bushga «mamlakatga munosib xizmat qilgani uchun» alohida tashakkur bildirdi.
Inauguratsiya marosimi yakunlangach, mamlakatning sobiq yetakchisi, 8 yil davomida mamlakatni boshqargan Jorj Bush va uning rafiqasi Kapitoliydan AQSh harbiy havo kuchlariga qarashli «Endryus» bazasiga tegishli vertolyotda jo‘nab ketishdi. Vertolyot to‘g‘ri Texas shtatidagi Midlend shahriga qarab uchib ketdi.
Behbud Botirov