Turkiyaning Izmir viloyati g‘arbida, Chashma tumani markazidan atigi 10 daqiqa masofada joylashgan Chashma Oltinqum sohili o‘zining sokinligi va ko‘zga ajib zavq baxsh etuvchi tarovati bilan insonlarni o‘ziga chorlaydi, deb xabar beradi mamlakat madaniyat va turizm idorasi targ‘ibot guruhi.
Ushbu sohil – Turkiya turizm markazlaridan biri bo‘lgan Chashma tumanining eng sara plyajlaridan biridir.
Oltinqum plyaji Chashmaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, u uch tomondan dengizlar bilan o‘ralgan yarim orolda tashkil etilgan. Uzunligi 500 metr, kengligi esa 15 metrdan oshadigan plyaj o‘zining go‘zalligi bilan kelganlarni maftun qiladi. Shuningdek, suvining juda sovuq ekanligi ham e’tiborni tortadi. Boshqa suv havzalari bilan solishtirganda Oltinqum sohili yozning eng issiq kunlarida ham muzdek turadi.
Plyajda kuniga 15 liraga ikkita o‘rindiq va soyabonni ijaraga olish mumkin. Chashma Oltinqum sohili atrofida turli ko‘ngilochar klublar va kafelar bo‘lib, narxlari ham ancha hamyonbop. Sohil klublariga kirish bir kishi uchun 10 liradan 20 liragacha.
Umuman, Chashma sohillarining eng muhim xususiyatlaridan biri shundaki, odamlar qirg‘oqdan dengizga tomon yurganda dengiz suvining sathi insonni ko‘mmaydigan darajada ekani ko‘rinadi. Taxminan 10-15 metrdan keyin esa dengiz chuqurlasha boshlaydi. Demak, Oltinqumning sayoz suvli sohiliga kichik yoshdagi farzandlar bilan borish mumkin.
Ko‘plab mahalliy yoki xorijiy sayyohlar doimiy ravishda tashrif buyuradigan bu sohil turk xalqining bebaho boyligidir. Sovuq dengiz suvidan tashqari shamolli ob-havo ham yozning issiq kunlarida insonga huzur baxsh etadi.
Mo‘jizaviy sovuq suvi bilan tanalarni titratuvchi Oltinqum sohili tubi ba’zi joylarda shag‘al va toshloq bo‘lsa-da, aksar joylar xuddi sohildagi kabi mayin qumlardan iborat.
Oltinqum sohiliga borish yo‘li oson. Avval Izmir shahridan Chashma shaharchasiga, u yerning mahalliy avtovokzalidan esa har 30 daqiqada yo‘lga chiqadigan mikroavtobuslar orqali plyajga yetib olsa bo‘ladi.