Oligarxiya boylar hukmronligimi?

«Oligarxiya» tushunchasining vujudga kelish tarixi ancha olislarga borib taqaladi. Bu atama yunon tilidan olingan bo‘lib, «ozchilikning boshqaruvi» degan ma’noni anglatadi. Aslida, oligarxiya bu — davlat boshqaruvining shunday shakliki, unda siyosiy hokimiyat jamiyatning eng boy va qudratli qatlami qo‘lida to‘planadi. Aynan shu qatlam «oligarx»lar nomi bilan yuritiladi

Aristokratiya (eng sara hokimiyat)dan farqli o‘laroq, oligarxlar hokimiyatni ochiq tarzda olib borishni ma’qul ko‘rishmaydi. To‘g‘rirog‘i, oligarxlar uchun «taxt ortidagi hokimiyat» har doim eng maqbul hokimiyat bo‘lib kelgan. Chunonchi, oligarxlar o‘z maqsadlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida har doim iqtisodiy vositalardan foydalanib kelganlar. Oligarxlar ko‘rinishidagi hokimiyatda yuqori toifa vakillari iqtisodiy manfaatni davlat manfaatidan ustun qo‘yadilar.

Buyuk yunon faylasufi Arastu oligarxiyani plutokratiya (boylar hokimiyati) bilan tenglashtiradi. Plutokratiya ko‘rinishidagi boshqaruv shaklida ham hokimiyat jamiyatning eng boy va eng ilg‘or qatlami qo‘lida to‘planadi. Odatda oligarxiyaning vujudga kelishiga katta-katta oilalar sababchi bo‘ladi va u sulolaviy ko‘rinishda davom etadi. O‘rta asrlarda italiyada mashhur bo‘lgan Medichilar oilasi eng katta oligarxlar oilasi sanalardi. XIX-XX asrlarda AQShning jahon sahnasidan mustahkam o‘rin egallashi hamda vujudga kelgan iqtisodiy o‘sishlar yangidan yangi sanoat korxonalarining, katta-katta yerlarning ma’lum shaxslar qo‘lida to‘planishiga sabab bo‘ldi. Buning natijasi o‘laroq, Rokfeller, Rotshild, Dyupon va Morgan kabi hozirgacha mashhur bo‘lgan oligarxlar sulolasi vujudga keldi.

Bugungi kunga kelib «oligarxiya» tushunchasining zamonaviy ko‘rinishi o‘zgacha tus oldi. Endilikda «biznes oligarxlari» va «biznes magnatlari» kabi tushunchalar paydo bo‘ldi. Biznes oligarxlari ham davlat hokimiyatiga sezilarli ta’sir o‘tkaza oladigan aholining ilg‘or qatlamiga aylanib ulgurdi. Sobiq ittifoq parchalangandan so‘ng ushbu qatlam vakillarining orta borishi kuzatildi. Ayniqsa, Rossiyada yangi davr oligarxlari shakllanishi jadal sur’atda yuz berdi va jahon ommaviy axborot vositalarida «rus oligarxlari» tushunchasi tez-tez tilga olinadigan bo‘ldi. Rossiyada bu kabi yangi toifa vakillarining vujudga kelishida davlat iqtisodiyotini erkinlashtirish yo‘lida olib borilgan jadal qadamlar muhim rol o‘ynadi. Davlat sanoat korxonalari, ayniqsa, og‘ir sanoatning bir qancha tarmoqlari oligarxlar qo‘l ostiga o‘tishi tarmoqlar rivojiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Bu siyosat davlat iqtisodiyoti uchun har taraflama foydali edi. Davlat mazkur oligarxlardan olinadigan katta miqdordagi soliqlar evaziga o‘z g‘aznasini to‘ldirib boradi.

Bugungi kunga kelib, oligarxlarning g‘aznasi milliardlar bilan o‘lchanadi. Hatto ko‘pchilik oligarxlarning daromadi ayrim davlatlarning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) qiymatidan ham ortiqroq. Masalan, Rossiyadagi yetakchi oligarxlardan biri Roman Abramovichning daromadi 14,7 milliard dollarni tashkil etib, u Urugvay, Estoniya, Islandiya, Latviya kabi ko‘zga ko‘ringan davlatlarning YaIMdan ham yuqori turadi.

Oligarxiyaning davlat iqtisodiy rivoji uchun qo‘shadigan hissasini inkor etmasligimiz zarur, biroq bu qatlamning kuchaya borishi o‘z navbatida salbiy oqibatlarga olib kelishini ham unutmaslik kerak. Oligarxlar qancha ko‘pasa, davlat iqtisodiyotining ularga qaramligi shunchalik orta boradi. Jumladan, Rossiya og‘ir sanoatining katta qismini oligarxlar qo‘lida bo‘lgan «Rusal», «Lukoyl», «Gazprom» kabi monopoliyalar tashkil etishini hamda davlat daromadining asosiy qismi ushbu kompaniyalardan kelishini hisobga oladigan bo‘lsak, iqtisodning naqadar ularga bog‘liqligini ko‘rishimiz mumkin.

Oligarxlarning faqatgina davlat iqtisodiy faoliyatiga emas, balki uning siyosiy faoliyatida ham aralashuvi kuzatiladi. Oligarxlar siyosat maydonida yetarlicha obro‘ olishga harakat qiladilar. Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad hokimiyatdagi yuqori mansablarni egallashdan iborat. Bu esa oligarxiyaning iqtisodiy manfaatlari ortida siyosiy maqsadlar yotishini ko‘rsatadi. Oligarxiyaning siyosat maydonida ko‘p o‘ralashishi va haddan ziyod kuchayib ketishi o‘zboshimchalik hamda davlatga bo‘ysunmaslikka olib kelishi mumkin. Fikrimizning isboti sifatida Rossiyaning sobiq birinchi raqamli oligarxi Mixail Xodorkovskiy bilan bog‘liq voqealarni eslashimizning o‘zi kifoya.

Sanjar MATKARIMOV,
JIDU talabasi, «Hurriyat» gazetasidan olindi