Eng kerakli qurol— ogohlik
XXI asr qaysidir davlatning mafkurasi va bir-biri bilan sun’iy uyg‘unlashtirilgan utopiyalar yuz yilligiga aylana olmaydi. Mazkur davrda turli-tuman turmush tarzlari va qarashlar raqobatga kirishadi. Bunga erishish uchun esa har bir mustaqil davlat o‘zligini saqlagan holda diniy, etnik qadriyatlari va tamaddunda tutgan o‘rnini boshqalarga anglatishni asos qilib olgan milliy mafkuraga ega bo‘lmog‘i lozim.
Bu kabi mazmundagi gaplarni bugun bot-bot eshitish mumkin. Aks holda milliylikni yo‘qotish, fazilatlar, bebaho qadriyatlardan voz kechish odamni takomillashuv taraqqiyotdan ajratib qo‘yib, uni tobe, mustaqil fikri yo‘q manqurtga aylantirib qo‘yadi. Frensis Fukuyama turli davlatlar o‘rtasidagi raqobat va qarama-qarshilikning tugashi bilan tarix ham nihoyasiga yetadi, degan edi. Odamlarda «sovuq urush» tarixda qolib ketgan, degan ma’nodagi aqida shakllanib qolgan. Aslida undanda xunukroq oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan kurashning yangicha shakli borgan sari keskinlashmoqda. Bu esa biror xalqning irodasi, xohish-istagini o‘zida jamlagan mafkuralar endi tashqi, yot g‘oyalar, axboriy-madaniy xurujlardan himoyalanish kerakligini yanada oydinlashtirdi.
Qizil tuzum mafkurasi xalqlar va millatlarni o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga yo‘l qo‘ymasdi. Sobiq ittifoqning parchalanib ketishi natijasida ikki qutblilikning barham topishi faqatgina xaritada o‘z aksini topmay, balki davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar muvozanatini ham o‘zgartirib yubordi, taraqqiyotning tezkor oqimi axborot va g‘oyalarning ahamiyatini oshirdi.
Hozirgi kunda xayrli maqsadlarda zimdan olib borilayotgan o‘zaro kurashlar biror-bir millatning o‘zligini yo‘qotishga qaratilayotganini sezish mumkin. Unda dastlabki e’tibor hududlarni o‘zlashtirishga emas, inson ongini egallashga yo‘naltirilgan. Zombilashuv, manqurtlik, ommaviy madaniyat asirlari, fanatiklar ana shunday harakatlar qurbonlaridir.
Ayrim mutaxassislar mazkur ma’naviy-axboriy xurujlarning haqiqiy urushdan kam emasligini ta’kidlab, uni «war for consciousness», ya’ni «ong uchun jang», deb atashmoqda. Yer sharida axboriy va kommunikativ bog‘liqlikning kuchayishi hamda ayrim millatlarga xos belgilarning globallashuv davri ta’sirida o‘z qadrini yo‘qotayotganligini boshqacha ma’noda talqin etadiganlar ham topiladi. Ularning fikricha, mazkur hol o‘z qolipi, o‘z to‘niga berkinib olganlarni tashqariga chiqishga majbur qilar ekan.
Madaniy niqoblar
Hozirgi paytda ongni buzish uchun kurashda ommaviy madaniyat vositalaridan keng foydalanilmoqda. Ommaviy madaniyat fenomeni vujudga kelishida reklama, moda, mass-media muhandisligi, dizayn, xullas, ongga ta’sir etuvchi vositalarning ahamiyati katta.
Hozir yagona dunyo xaritasi mavjud bo‘lsada, insonparvar, taraqqiyparvar xalqlarning ezgu maqsad-muddaolari aks etgan g‘oyalariga qarshi bo‘lgan, individuallashgan, foydalanuvchilar talabiga moslashtirilgan, ayrim guruhlar manfaatiga bo‘ysundirilgan, ammo haqiqatdan uzoq turli buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lib qolmoqda. Uning ijodkorlari aqlni bo‘ysundirishning bir nechta yo‘lini o‘ylab topishgan. Bu hol dastlab rivojlangan mamlakatlar aholisining madaniy qatlamiga chuqur kirib borgan bo‘lsa, vaqt uni butun dunyoga yoymoqda.
Taraqqiy topgan davlatlar rivojlanayotganlar uchun ideal namuna sifatida namoyon bo‘ladi, deyishadi. Shu o‘rinda biror tomonning yutug‘ini ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirishdan ko‘ra, muvaffaqiyat sirlari va uning tub mohiyatini o‘rganish maqsadga muvofiqligini aytib o‘tish joiz.
Shunday kuchlar borki, ular ong va aqlning o‘tmaslashishi, millatga xos belgilarning yo‘qolishidan manfaatdor. Bu yo‘ldagi maqsadni amalga oshirish uchun katta mablag‘ kerak bo‘lsada, u keltiradigan daromad sarf-xarajatlarni ortig‘i bilan qoplaydi. Masalan, AQShning ichki va tashqi qarzlari juda ko‘p bo‘lsada, mamlakat har yili 2,5 mlrd. dollar foyda ko‘radi. Qarz bergan davlatlar Amerikadan o‘z pullarini talab qilishi dollar tizimining qadrsizlanishiga olib kelishi kerak, aslida. Biroq amaliyotda hammasi teskarisiga aylanib ketgan. Dunyoning aksariyat aholisi o‘z mablag‘larini AQShda saqlash daromad keltirishi va boyib ketish uchun zamin yaratishiga ishonadi.
Nega qarzlari bunchalik ko‘p davlatga nisbatan ishonch hanuzgacha kuchli? Quyidagi fikr-mulohazalar uning sababini tushunib yetishingizda yordam berishi mumkin.
Bu borada AQShda ishlab chiqarilgan maxsus mexanizmning o‘rni katta. U sayyoramiz xalqlarining ongi, ruhiyati, e’tiqodiga ma’naviy-madaniy jihatdan ta’sir ko‘rsatib, iqtisodiy va siyosiy sohada katta foyda keltiradi. Shuning uchun Xristofor Kolumb kashf etgan qit’adagi ushbu davlatda nima sodir bo‘lishidan qat’i nazar, xorijliklarning ong kompasining kafgiri o‘sha tarafga burilaverib, go‘yoki tayanch nuqtasini topadi. Aslida mazkur kompas maxsus institutlar tomonidan boshqarilayotganini ko‘pchilik anglab yetmaydi. Shu yo‘nalishda bir qator tashkilotlar — OAV, san’at va madaniyat markazlari, milliy korporatsiyalar, diniy sekta va jamiyatlar ish olib boradi. Ular amerikacha hayotni ustalik bilan yuqorida aytib o‘tilgan axborot va g‘oyalar yordamida targ‘ib qiladi. Shu orqali yetakchilikka intiladi. Bu o‘rinda moliyaviy jihatdan barqarorlik va ustunlikni ta’minlashda ongni egallash, uni buzish qay darajada ahamiyatga ega ekanini eslamoq lozim. Tabiiyki, boshqa davlatlar ham o‘z imijiga ega bo‘lishga intilmoqda. Yo‘qsa, taraqqiyot maydonidagi musobaqadan chetga chiqishga, tobe bo‘lib, kimningdir orqasidan ergashishga to‘g‘ri keladi.
«Ongni buzamiz!»
Amerikalik taniqli jurnalist Jeffri Steynberg «Cheynining dastyorlari yadro qiyomatiga yo‘l ochmoqdalar» sarlavhali maqolasida ong uchun kurash uydirma emasligini isbotlashga harakat qiladi. Okean ortidagi odamlarning ongini buzish qanday naf keltirishi haqidagi gap-so‘zlar o‘tgan asrning 80-yillarida shaxsiy tashabbusdan davlat dasturi darajasiga ko‘tarildi. Davlatning qo‘llab-quvvatlashi natijasida mazkur loyiha tarqalib, okkult yoki jismoniy o‘limga olib bormaydigan urush nomini oldi. Uning asosida ruhiyat, ma’naviyat va ongni bo‘ysundirish orqali fikrlashda yalqovlikka olib borish, ishonchga kirish yotadi. Bu xalqaro miqyosda «mind war» deyiladi. U haqda Jon Aleksandr, Pol Velleli, Maykl Akino kabi mutaxassislarning ijod mahsullarida atroflicha to‘xtalib o‘tilgan. Ular tafakkurni barbod qilishga qaratilgan xuruj va an’anaviy axborot urushi o‘rtasidagi chegarani aniq ko‘rsatib berganlar. Ikkinchi jahon urushidan beri qo‘llanib kelinayotgan aksiltarg‘ibot, psixologik operatsiyalar ong uchun kurashdan farq qilishini Steynberg ham alohida e’tirof etadi: «Aqlni buzish quroli do‘stlar, dushmanlar, betaraflarga birdek ta’sir etadi. Unda oddiy varaqalar, targ‘ib bo‘limlarining maxsus tashviqotchilari ishlatadigan radiokarnaylar, kichik doiraga qaratilgan psixotrop vositalardan foydalanilmaydi. Mazkur dastur yordamida birgina markazdan turib sayyoramizning ixtiyoriy nuqtasidagi odam ongini nishonga olish mumkin. Albatta, bunda elektron OAV, televideniye va radio eng katta yordamchilardir. Yo‘ldosh aloqalar, videoyozuv texnikasi, optik tolali texnologiya butun jahondagi odamlarning ongiga ta’sir etish uchun shunday imkoniyat beradiki, ilgari buni tasavvur qilishning o‘zi amrimahol edi. Bunday imkonga ega bo‘lgan inson xuddi Ekskalibur(qirol Arturning afsonaviy qilichi)ni qo‘liga olgandek bo‘ladi. U o‘zini shu qurol yordamida butun dunyoni o‘zgartirib yuborishga qodirdek his qiladi. Buning uchun qat’iylik va jur’at bilan mazkur vositalarni dunyo tsivilizatsiyasiga singdirish kerakligini ham biladi. Mazkur vositalarsiz bizning mafkura (g‘oya) begona mafkuralar qurshovida kuchsizlanib, yo‘qolib ketishi mumkin. Agar boshqalar ana shu qilich oldida bo‘ysunib, o‘zligidan qaytishni istashmasa, undan ham dahshatliroq usullar bilan kurashishimizga to‘g‘ri keladi».
30 yil oldingi fikr uydirma emas
Ommaviy axborot vositalari bilan odamlarning (begona yoki o‘zimiznikilarga ajratmay) ongiga ishlov berish g‘oyasi o‘tgan asrning 80-yillarida paydo bo‘lganini aytib o‘tgandik. Jeffri Steynberg o‘z maqolasida bundan qariyb 30 yil oldingi fikrlar uydirma emasligi, tafakkurni buzishga qaratilgan harakatlarni nima uchun aynan harbiylar va Amerika elitasini boshqaradigan guruhlar qo‘llaganini sharhlab bergan. «Ong va aqlni ishdan chiqarish asosida olib boriladigan urush haqida tuzilgan dastur bugun ham qo‘llanib kelinadi», deb yozadi u. Admiral Jon Poyndekster boshqargan «Axborotni total ta’qib etish» dasturi jurnalistik tekshiruvlar davrida ko‘p ma’lumot berish, shovqin ko‘tarish orqali ongni chalg‘itishga qaratilgan edi.
Ongni buzish g‘oyasini siyosat olamidagi taniqli odamlar, masalan, AQShda dong taratgan mashhur harbiy, ideolog Pol Vulfovits quvvatlab keladi. U 1990 yillarda AQSh harbiy va razvedka tizimlarida jismoniy o‘limga olib bormaydigan urush g‘oyalarining targ‘ibotchisi bo‘lib faoliyat yuritgan. Bunday tajribalar okean ortidagi bir qator ilmiy-harbiy laboratoriyalarda ham olib borilgan. Tadqiqotlarda turli maxfiy xizmat vakillari ishtirok etgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ular inson ongini boshqarish, buzish usullarini qanday o‘ylab topishgan?
Ikki xil yo‘l bilan deyish mumkin — ilmiy yo‘l va ijtimoiy institutlar yordamida.
Jeday-jangchi va reyder — ular kimlar?
Dasturda ko‘zlangan vazifalardan biri maxsus divertsion (qo‘poruvchilik) topshiriq olgan jeday-jangchilar(mashhur «Yulduzlar jangi» kinoturkumidagi jang va ruhiyat sirlarini o‘rgatuvchi ustoz nomidan kelib chiqqan)dan iborat soxta guruhlar tuzishdir. Ular terroristik guruhlar tarkibiga turli yo‘llar bilan kirib olishga harakat qilishadi. Bu kabi maxsus tayyorgarlik bosqichidan o‘tgan mutaxassislar guruhining ish faoliyati o‘z muqobillariga ham ega. Ulardan eng mashhuri reyder tayyorlashdir. Unga ko‘ra, dushman taraf ishonchini qozonishga kirib olishga erishgan kadr u yerda o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Bu kabi shaxslar muhitga tez moslashib ketishga va do‘stona aloqalarni avval o‘rnatib, so‘ngra o‘sha yerdagi ahillikni buzishga kirishadilar. Dushman guruhiga kirib olgan reyder o‘zini hissiyotga beriluvchan qilib ko‘rsatib, doim rahbarlar diqqat markazida bo‘lishga intiladi. Shu orqali jamoaning e’tiborini chalg‘itib, u yerdagi munosabatlarni birma-bir izdan chiqaradi. Bu — ongni buzish yo‘lida ancha takomillashtirilgan urush metodlaridan biri. Jeday-jangchilar va reyder maqomi turli harbiy-psixologik operatsiyalarda qatnashgan, yangi dastur talablariga javob bera oladigan mutaxassislar orasidan tanlab olinadi. Mazkur dastur asosida saralangan harbiylar, maxfiy xizmat xodimlari qatoriga so‘nggi paytlarda mahbuslar ham qo‘shilmoqda.
Raqib jamoatchiligidagi muhitni buzish jarayoni shunday rivojlanadi: dastlab tanishib olish, so‘ngra jamoaga o‘zini yaqin qilib ko‘rsatish va yaqinlashish, u yerdagi birorta nufuzli vakil bilan munosabatlarni rivojlantirish, do‘stlikka erishish, u tomonni manipulyatsiya qilish imkoniga ega bo‘lish va nihoyat, o‘z buzg‘unchilik vazifasini bajarishga kirishish.
Agent institutlar
Dasturdan ko‘zlangan maqsadning navbatdagisini amalga oshirishda manfaatdor guruhlar zamonaviy axborot va aloqa tizimlaridan maksimal foydalanadilar. Ongni buzish, oqimni o‘z yo‘nalishiga solib yuborishda televideniyedagi maxsus modellashtirilgan soxta tok-shou, realiti-shou, porno-shou va boshqa ko‘ngilochar ko‘rsatuvlarning tashkilotchilari, kino sanoatidagi ayrim rejissyor-prodyusserlar, ommaviy madaniyat targ‘ibotchilari ma’lum ma’noda reyderlar sirasiga kiradi. “Ushbu televizion tasvirlarda mashhur bir odam chiqib, shunday aqlga sig‘maydigan, behayo xatti-harakatlarni amalga oshiradiki, uni tomosha qilayotgan oddiy kishi, ayniqsa yosh, dunyoqarashi mo‘rt tomoshabinda, demak, boshqalarda ham shunday holat mavjud ekanda, degan aldamchi taassurot paydo bo‘ladi“, deb yozadi Steynberg. Bu o‘rinda televizion, ya’ni tasvir tamoyili asosiy rolni o‘ynamoqda. Soxta ko‘z-ko‘z qilishlar, namoyishlar, bugun urfga kirgan glamurizatsiya(bu haqda gazetamizning keyingi sonlarida to‘liq ma’lumot berishni rejalashtirganmiz—S.M.) omma ongini buzishga qaratilgan. Ular inson tafakkurini zaharlaydi, xolos. Globallashuv hodisasining yirik nazariyotchisi, yuqoridagi xavfni oldindan sezgan Mak Lyuyenning fikri bilan aytganda, odamzot mass-media texnologiyalari va uning shakllari, bu boradagi taraqqiyot nima va u ongga qanchalik ta’sir qilishi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emas. Bugun ixtiyoriy vaqtda o‘zi yoqtirgan kanalni ko‘rish imkonini beradigan abonent tizimi ijtimoiy hayotga chuqur kirib bormoqda. Ayanchli jihati shundaki, buni aslo cheklab bo‘lmaydi. Buzg‘unchilar shu orqali o‘z ishlarini yanada osonlashtirib, ta’sir doirasini kengaytirishga urinishmoqda. Ongning buzilishi odamni qolipdan, demakki, chegaradan chiqaradi — oldinlari uyat, or-nomus yo‘l bermagan ishlarga qo‘l urib, axloqsizlashadi, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlardan uzoqlashadi. Bunday odamlarning keyinchalik manqurtdan farqi qolmaydi. Ma’naviyat terrorchilari uchun aynan shu kerak.
Ongdagi salbiy o‘zgarishlar orqali jamiyatdagi barqarorlikni yo‘qotib, ma’naviyatga putur yetkazishga ixtisoslashtirilgan maxsus agent-tashkilotlar ham bor. Ularning ko‘pchiligi Pentagonning okkult yoki maxfiy dasturlari mahsullaridir. Jumladan, uning bilvosita ko‘magi yordamida ochilgan jamiyatlarning asosiy vazifasi sun’iy e’tiqod shakllarini yaratish, odamlardagi ishonchni yo‘qotish, qat’iylikni boshqa o‘zanga burib yuborishdan kelib chiqadi. Ularning qatorida «Mayin shabada», «Yangi davr g‘oyalari yarmarkasi», «Ozod bo‘lish va integratsiya markazi», «Chuan umumiy instituti», «Postural integratsiyasida Reyxning qayta tug‘ilishi», «Bu tomonga mayda qadamlar bilan yugur», «Ki bilan Aykido», «Berklidagi qayta aloqa markazi» kabi sun’iy e’tiqod turlarini targ‘ib etuvchi jamiyatlar faoliyat yuritadi. Bu kabi yangi asr oqimlari azaliy diniy-ma’naviy e’tiqodni buzish, ma’rifatparvarlikni bo‘g‘ishga qaratilgan. Ular qadriyatlarni ifloslashga yo‘naltirilib, a’zo odamlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini toptab, o‘zining yo‘rig‘iga solib oladi.
Mahbuslar — «tajriba quyonlari»
Ongni buzish borasidagi navbatdagi tajribalar Guantanamo, Abu Greyb, Al-Qayum kabi qamoqxonalarda harbiy mahbuslar ustida olib borilganini tasdiqlovchi xabarlar ko‘p tarqatildi. Jeffri Steynberg bu haqda shunday yozadi: «Al-Qayum turmasiga Iroqdan keltirilgan harbiy asirlar ustida ongni buzish bo‘yicha bir qator operatsiyalar o‘tkazildi. Jumladan, «Barney ismli pushti rang ajdar» ko‘rsatuvidagi «Seni sevaman» qo‘shig‘ini uzluksiz eshittirish ularning so‘roq qilinishini osonlashtiradi. Musiqa mahbusning miya faoliyatini izdan chiqaruvchi eng baland yoki past chastotalarni ong ostida paydo qiladi. Shu orqali asirning irodasi sindirilgan. Quyosh tig‘idagi metall-transport konteynerlarida bir necha kun ko‘zi bog‘langan, tikanli simlardan qo‘llari akashak holatda musiqa sadolari ostida saqlangan asir tirik manqurtga aylantirilgan. Aynan shunga o‘xshash operatsiyalar o‘tkazish va ishga kirishishni o‘rgatadigan maxsus okkult-dasturning tayyorgarlik bosqichidan Ziyod Jarra va Marvan al-Shayxiy ham o‘tgan. Ular 2001 yilning 11 sentyabridagi voqealarga aloqador shaxslardir. Ziyod Jarra samolyotlardan biri(93 United Airlines)ning boshqaruv bortini zo‘ravonlik bilan qo‘lga olib, uni Pensilvaniyadagi maydonga borib urgan bo‘lsa, Marvan al-Shayxiy ikkinchi samolyot(175)ning bortini egallab, Manxettendagi xalqaro tijorat markazining janubiy minorasi bilan to‘qnashuvni uyushtirgan».
Mazkur ma’lumot zamonaviy diniy urushlar, islom hamda nasroniy madaniyatlar to‘qnashuvi haqidagi manfaatbop bayonotlarni yo‘qqa chiqaradi. Sababi uchuvchi-qotillar aynan yuqoridagi kabi aqlning buzilishi, diniy e’tiqodning parchalanishiga chorlovchi dastur tarbiyalanuvchilaridir.
Xantingtonni ajablantirgan hol
Yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, AQShning o‘zida ham muhojirlar an’anaviy e’tiqodlarining buzilishi evazigagina yashab qola oladilar. Aks holda, ular Amerika jamiyatiga moslashishi juda qiyin kechadi. Ammo bu holdan mustasno, o‘zligiga sodiq qolganlar ham bor ekan. AQShga Meksika, Markaziy, Janubiy Amerikadan ko‘chib kelgan ispanzabon immigrantlar haqida madaniyatshunos olim Samuel Xantington «Biz aslida kimmiz?» asarida to‘xtalib o‘tgan. Uning fikricha, mazkur ko‘chmanchilar ingliz tilini o‘rganish, u yerda keng tarqalgan nasroniy mazhablarini qabul qilishga harakat qilmaydilar. Garchi bu xavfli va kam foyda keltiradigan qaror bo‘lsa ham, ular milliy o‘zligidan ajralishni istashmaydi.
Beparvolik — eng katta xavf
Xulosa o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, qo‘poruvchilik harakatlarining real xavf va asoratlarini anglash mumkin, ammo ma’naviyatni buzishga qaratilgan urushlarning xatarini qay darajada tushunib yetganlikni bilish qiyin. Milliy o‘zlik, qadriyatlar, shunga yarasha tafakkur qilishning buzilishida turli tadqiqotlar, OAV va reklama agentliklari katta rol o‘ynashi bilan bir qatorda, aksincha, mazkur xavfning oldini olish yoki to‘g‘rilashda ham muhim ahamiyatga egadir.
Ongni bo‘ysundirish, aqlni buzish, axborot urushlari haqida fikr bildirish kimlar uchundir balandparvozlik, jimjimador gaplar bo‘lib tuyular. Munosabatlarning turli ekanini tabiiy qabul qilish lozim. Shuni ham unutmaslik kerakki, axborot asrida amalga oshirilishi odat tusiga kirib borayotgan turli ayyorliklarni o‘z vaqtida anglab, uni mafkuraviy immunitet chig‘irig‘idan o‘tkazgan har bir odam ma’naviy kompasini qaerga yo‘naltirsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini chuqurroq tushunib yetadi.
Saidjon Maxsumov,
«Marifat» gazetasidan