2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari Turkiya Respublikasi harbiy o‘quv yurtlari va markazlarining tayyorlov kurslarida o‘qitiladi. Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli hamda O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev o‘rtasida joriy yil 26 iyul kuni Toshkentda bo‘lib uchrashuv yakunida tomonlar shunday kelishuvga erishdi.
Xususan, muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari harbiy-ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining tajriba va bilim almashishini mustahkamlash, harbiy-texnika sohasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi.
O‘zbekistonda mehmon bo‘lgan Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli 26 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilingan.
Uchrashuvda Sh.Mirziyoyev mehmonni samimiy qutlab, mamlakatlarimiz o‘rtasida turli darajadagi aloqalar va o‘zaro manfaatli hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Suhbat chog‘ida harbiy va harbiy-texnik hamkorlik istiqbollari muhokama etildi. O‘zbekiston va Turkiya mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.
Turkiya milliy mudofaa vaziri O‘zbekiston rahbariga Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning ezgu tilaklarini yetkazdi va Turkiya tomoni davlatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda harbiy va harbiy-texnik sohalardagi davlatlararo munosabatlarda ijobiy tendentsiyalar ko‘zga tashlanmoqda.
2017 yil iyunida “NUROL” kompaniyasining “EJDER 4x4” tipidagi yengil zirhli avtomobillarining O‘zbekiston sharoitidagi sinovlari muvaffaqiyatli o‘tdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi ehtiyojlari uchun mazkur o‘nlab harbiy texnikalarni xarid qilish, shuningdek, ularni Turkiya tomoni investitsiyalarini jalb qilgan holda O‘zbekiston hududida hamkorlikda ishlab chiqarish yoki qo‘shma korxona tashkil qilish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.
Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli va O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev
Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli Toshkentdagi uchrashuvlarda 7 yoshdan 70 yoshgacha turk xalqi O‘zbekistonni chinakam qardosh va do‘st mamlakat deb bilishi, o‘lkalarimiz orasida masofa uzoq bo‘lsa-da, lekin ko‘ngillar yaqin ekanini ta’kidlagan.
“O‘zbekistonning mudofaa qobiliyati mustahkam, yuqori salohiyat va boy tajribaga ega. Biroq munosabatlarimizning hozirgi holatini mavjud imkoniyatlarimiz darajasida, deb bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlash, amaliy hamkorligimizni yanada rivojlantirish, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashdik”, – degan Turkiya milliy mudofaa vaziri.
Turkiya delegatsiyasi Toshkent safari davomida Temuriylar tarixi davlat muzeyida bo‘ldi. Mehmonlar, shuningdek, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui va Hazrati Imom majmuasini ziyorat qildi.