Movarounnahr tujjorlari bu shahar bilan o‘rta asrlardayoq savdo-sotiqni yo‘lga qo‘ygan. Rusiya davlatining eng yirik savdo ko‘rgazmasi shu yerda o‘tkazilgan. Ushbu go‘shada mehmon bo‘lgan ulug‘ shoir Aleksandr Pushkin u haqdagi iliq taassurotlarini “Evgeniy Onegin” she’riy romanida yozib qoldirgan. Sakkiz yuz yoshli shahar YuNESKO tomonidan tarixiy ahamiyatga molik hudud deya e’tirof etilgan. Bu – Nijniy Novgorod, Rossiyaning eng ko‘hna shaharlaridan biri!
Nijniy Novgorod asrlar davomida Rusiya imperiyasining savdo va tijorat markazi bo‘lib kelgan. G‘oyat qulay jug‘rofiy hududda barpo etilgan shahar strategik ahamiyatga ega istehkom vazifasini ham o‘tagan.
Ushbu kentga 1221 yilda knyaz Yuriy Vsevolodovich asos solgan. Oka daryosining Volgaga quyilish joyida – ikki daryo tutashgan maskanda bino etilgan shahar qisqa muddatda taraqqiy etdi. Tarixiy solnomalarda u Shimoli-sharqiy Rusning siyosiy va iqtisodiy markazi sifatida tilga olingan. 1341-1392 yillarda esa shahar Nijniy Novgorod-Suzdal knyazligining poytaxti bo‘lgan.
Keyingi asrlarda ham shaharda muhim tarixiy voqealar sodir bo‘ldi. Xususan, 1611-1612 yillarda Nijniy Novgorodda Kozma Minin va knyaz Dmitriy Pojarskiy boshchiligida tashkil etilgan xalq lashkari polyak va litva qo‘shinini tor-mor etib, Rusiya imperiyasini saqlab qoldi.
Muarrixlarning yozishicha, o‘rta asrlardayoq Nijniy Novgorod va Movarounnahr xonliklari o‘rtasida yaqin iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Samarqand va Buxoroning savdo karvonlari Oka daryosi bo‘yidagi ushbu shaharga bot-bot qatnagan.
1719 yili, Pyotr I o‘tkazgan ma’muriy islohotdan keyin Nijniy Novgorodga guberniya shahri maqomi berilgan.
1767 yil may oyida esa shaharga imperatritsa Yekaterina II tashrif buyurgan. Manbalarga ko‘ra, malikaga shaharning me’moriy yechimi ma’qul kelmagan va u shaharsozlarga yangi tarh tuzishni buyurgan. Shu tariqa shaharning yangi tarhi ishlab chiqilgan. Unga muvofiq, o‘sha yillarda shaharda imperiyada birinchilardan bo‘lib shifoxona, bosmaxona va teatr bunyod etilgan.
Nijniy Novgorodda har yili o‘tkaziladigan yarmarkalarga nafaqat Rusiya, balki qo‘shni davlatlardan ham savdogarlar tashrif buyurgan. Shu tariqa shahar bir necha asr davomida mamlakatning savdo-tijorat markazi maqomini hech kimga bermay kelgan. Oka daryosining chap sohilida uyushtiriladigan yarmarkaning dovrug‘i yetti iqlimga yoyilgan.
Sovet Ittifoqi davrida esa Nijniy Novgorod sanoat markaziga aylantirildi (Darvoqe, 1932 yili shahar nomi Gorkiy deya o‘zgartirildi). Mashhur avtomobil zavodi, metallurgiya hamda qurol-aslaha korxonalari umumiy g‘aznaga katta daromad keltirdi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin shaharning tarixiy nomi tiklandi. Nijniy Novgorodning 30 yil davomida xorijliklarga yopiq bo‘lgan darvozalari yana qayta ochildi.
Nijniy Novgorod – Rossiyaning ko‘hna kentlaridan biri. Bu yerda 600 dan ziyod tarixiy, me’moriy va madaniy obida mavjud. Xususan, 1500-1511 yillarda barpo etilgan tosh istehkom – Kreml binosiga har yili minglab sayyoh tashrif buyuradi. Nijniy Novgorod Kremli Rossiya me’morchiligining durdonalaridan biri sanaladi. Shundoqqina sohilbo‘yi qad ko‘targan istehkom mana 500 yilki zamon po‘rtanalariga dosh berib turibdi. Darvoqe, 1833 yil sentyabrda shaharga qadam ranjida qilgan ulug‘ shoir Aleksandr Pushkin Kremlni tomosha qilgan, yarmarkani aylangan. Sayohat taassurotlarini esa “Evgeniy Onegin” asarida yozib qoldirgan.
Bu shahar Rossiyaning qadimiy madaniyat va ma’rifat o‘choqlaridandir. 2007 yil avgustda shahar hududidan topilgan XII asrga oid kumush yombilar va qayin po‘stlog‘iga yozilgan bitiklar ham olis va sirli tarix voqealariga guvohlik beradi. BMTning Fan, ta’lim va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – YuNESKO Nijniy Novgorodni sayyoramizning tarixiy va madaniy qimmatga ega 100 shahridan biri deya e’tirof etgani ham bejiz emas. Jahon faniga Nikolay Lobachevskiy kabi ulug‘ matematikni, dunyo adabiyotiga esa Maksim Gorkiy kabi zabardast adibni yetkazib bergan shahar hozir ham tarixiy ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Bugun Nijniy Novgorod avtomobilsozlik, aviasozlik, kemasozlik, qurolsozlik va axborot texnologiyalari taraqqiy etgan. Masalan, shahardagi yirik avtomobil zavodida 27 ming kishi mehnat qiladi. Yoki axborot texnologiyalari bozorida nufuzli mavqega ega “Intel” kompaniyasining Yevropadagi eng yirik tadqiqot markazi Nijniy Novgorodda joylashgan.
Yirik bandargohlarga ega shahar Rossiyaning daryo turizmi bo‘yicha eng yirik markazi hamdir.
2010 yilda Nijniy Novgorodni rekonstruktsiya etish bo‘yicha yangi dastur qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2030 yilgacha shahar infrastrukturasi isloh etiladi. Xususan, tarixiy obidalarga yaqin hududdagi ishlab chiqarish korxonalari sohilbo‘yi mavzelarga ko‘chiriladi. Transport tizimi yanada takomillashtiriladi.
Darvoqe, yana bir necha yildan keyin, aniqrog‘i, 2021 yili Nijniy Novgorodning 800 yillik yubileyi nishonlanadi. Bu haqda 2015 yil 22 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning farmoni ham qabul qilindi. Ko‘hna va navqiron shahar unutilmas tarixiy voqea – katta to‘yga jiddiy hozirlikni boshlab yubordi.
Sobir Salim