2016 yilda Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 520,1 million dollarni tashkil etdi. Shu tariqa Germaniya savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning yettinchi raqamli hamkoriga aylandi. Bu haqda 15 senyatbr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naytxart Hyofer-Vissing ma’lum qildi.
Diplomat ikki mamlakat hamkorligida hali foydalanilmagan imkoniyatlar bisyor ekanini ta’kidlab, bundan 25 yil avval savdo aylanmasi hajmi 1 milliard dollar bo‘lganini yodga oldi.
Ta’kidlanishicha, konvertatsiya muammosi hamda boshqa byurokratik to‘siqlar shu paytgacha qadar savdo-iqtisodiy munosabatlarining yanada kengayishiga xalaqit berib keldi. Joriy yil sentyabr boshida O‘zbekistonda valyutaning erkin konvertatsiyasi joriy etildi. Ammo, Germaniya elchisiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiy hayotida hali-hanuz davlat haddan ziyod katta ta’sirga ega.
Ayni paytda O‘zbekistonda Germaniya sarmoyasi asosida tashkil etilgan 123 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatda Germaniyaning 1 milliard yevrolik sarmoyaviy loyihalari amalga oshirilgan.
Elchi Naytxart Hyofer-Vissing, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni muhim ekaniga e’tibor qaratib, bu borada ikki davlat tashqi siyosat mahkamalari doimiy muloqotda ekanini qayd etdi.
Bu Naytxart Hyofer-Vissingning Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi sifatidagi so‘nggi matbuot anjumani bo‘ldi. O‘zbekistonga 2014 yil yanvarda tashrif buyurgan diplomat o‘z karerasini boshqa mas’ul vazifada davom ettiradi.
Avvalroq olmon diplomati bilan uchrashgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Naytxart Hyofer-Vissing to‘rt yillik samarali faoliyati davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga munosib hissasini qo‘shganini mamnuniyat ila qayd etgan.
O‘z navbatida diplomat O‘zbekistondan iliq taassurotlar bilan qaytayotganini bildirgan.
Shu mavzudagi maqolalar:
Germaniya O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 11 million yevro ajratadi. 27.01.2016