NATO 17 oktyabrdan yadroviy tiyib turish bo‘yicha “Steadfast Noon” (Barqaror choshgoh) deb nomlangan mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda Shimoliy ittifoq matbuot xizmati ma’lum qildi.
Belgiya, Buyuk Britaniya osmoni va Shimoliy dengiz havzasida 30 oktyabrga qadar davom etadigan mashg‘ulotlarga NATOning 14 mamlakatidan 60 samolyot jalb etiladi. AQSh Yevropadagi mashg‘ulotlarga yadro qurolini tashuvchi B-52H strategik bombardimonchi uchoqlarini yuborgan.
NATO ma’muriyati o‘quv mashg‘ulotlari yillik reja asosida o‘tayotgani, u dunyodagi hozirgi vaziyatga aloqador emasligini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga qaraganda, AQSh Germaniya, Belgiya, Niderlandiya, Italiya va Turkiyadagi harbiy bazalarda 100 ga yaqin yadro aviabombalarini saqlamoqda.
Euronews NATO bilan bir paytda Rossiya ham yadro kuchlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazmoqchi ekaniga e’tibor qaratgan.
Moskva “Grom” deb atalgan mashg‘ulotlarda yadro qurolini tashuvchi bombardimonchi uchoqlari va suvosti kemalarini sinovdan o‘tkazadi. Mashg‘ulotlar ayni paytda parvoz uchun yopilgan Barents dengizida tashkillanishi kutilmoqda. Rossiya mudofaa vazirligi yadro quroliga oid so‘nggi mashg‘ulotlarni joriy yil 17 fevral kuni – Ukraina bosqinidan bir hafta avval o‘tkazgan.
Keyingi vaqtlarda Rossiyaning Ukrainada taktik yadro qurolini qo‘llashi haqidagi taxmin jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
Bir haftacha muqaddam AQSh prezidenti Jo Bayden dunyo sovuq urush va Karib dengizi inqirozidan keyin birinchi marta yadro urushi tahdidi qarshisida ekanini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Putin so‘nggi bor sentyabr oyidagi murojaatida mamlakat hududiy yaxlitligi tahdid ostida qolsa, Rossiya yadro qurolidan foydalanishi haqida gapirgan.