Yaponiyalik olimlar Perudagi sahroda tadqiqot olib borib, yangi tasvirlarni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi. Kosmosdan olingan Janubiy Amerika qit’asiga doir suratlarni o‘rganishayotib, shu choqqacha fanga ma’lum bo‘lmagan geogliflarga nazari tushgan Yamagata universiteti olimlari hayratda qolishdi.
— Bunday geogliflar ikkita, — deydi tadqiqot ishlari rahbari professor Masato Sakai. — Ular tuzilishiga ko‘ra, katta yuzli odamlar qiyofasiga o‘xshaydi. Bu shakllarning favquloddaligi shundaki, shu choqqacha odam qiyofasiga o‘xshaydigan geogliflar Naska yassitog‘ida uchramagan edi.
Hozirga qadar Perudagi mazkur sahroda 700 ga yaqin geometrik shakllar topilgan bo‘lib, ular asosan uchburchak va trapetsiya tarzidadir. Taxminan yuzta spiralsimon shakllar ham uchraydi. O‘ttizdan sal ortiq hayvonlar, qushlar, baliqlar, qurt-qumursqa, o‘rgimchaklar shakli ham mavjud. Endi esa, kutilmaganda odam shakli tasvirlari ham topildi. Shunday shakllardan birining yonida shar yoki koptokka o‘xshab ketadigan narsa ham bor. O‘ng tomondagi shaklning bosh qismidan har tarafga go‘yoki nurga yoki antennaga o‘xshaydigan nimadir taralib turibdi. Boshning o‘zi esa tanadan alohida joylashgan. Uning bir qo‘lida esa go‘yo chaqmoq chaqayotibdi.
Tadqiqotchilarni hayratlantirgan narsa shundaki, yangi topilgan shakllarning uzunligi avvalgilaridan ancha kichik, ya’ni 14 va 12 metrni tashkil etadi. Agar taqqoslaydigan bo‘lsangiz: Amerikada yashaydigan mashhur kolibri rangdor qushining uzunligi 50 metr, o‘rgimchakniki — 46, o‘limtikxo‘r yirtqich kondor qushi — 120, kaltakesak esa 188 metr hajmda tasvirlangan edi. Naska yassitog‘ida turli shakllarni bunday nisbatda “tasvirlaganlar” bu bilan nima demoqchi?
— Biz topgan mazkur shakllar, ehtimol, odamga o‘xshab ketadigan yagona tasvirlardir, — deydi professor Sakai. — 2011 yilning yanvarida biz yassitog‘ning janubiy qismida yuz, ko‘z, og‘iz va quloqlardan iborat odam portretga o‘xshaydigan geoglifni topgan edik. Tasvirning uzunligi 4 va eni 3 metr. U ancha yuvilib ketgan. Ehtimol, bu shakl qandaydir sababga ko‘ra, oxiriga yetkazilmagani ham ehtimoldan xoli emas. Faqat yuz shaklining o‘zi tasvirlangani sababi ham sirli.
Perudagi tasvirlar 1927 yili samolyot uchib o‘tganda tasodifan topilgan. Bu favqulodda tasvirlar eramizning birinchi ming yilligi o‘rtalariga doir bo‘lib, Peru hindularining mahalliy naska qabilasiga mansub, degan qarashlar ham mavjud. Biroq ularning mazmuni haqida hozirga qadar yagona to‘xtamga kelinmagan. Kimdir uni ulkan rasadxona desa, yana kimdir qadimda Yerga kelib ketishgan o‘zga sayyoraliklar kosmodromi, jumboqli shakllar esa, maxsus belgilardir, degan taxminni ilgari suradi.