Joriy yil 4 noyabr kuni Jazoir milliy bayrami – Inqilob boshlangan sananing 62 yilligi munosabati bilan Toshkentda rasmiy qabul marosimi bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar diplomatik korpus vakillari, fan, madaniyat va san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Marosimda O‘zbekiston hukumati nomidan Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosar G‘ayrat Fozilov ishtirok etdi.
Mehmonlarni qutlagan Jazoirning O‘zbekistondagi elchisi Naser Busherit nutqi avvalida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Elchi Jazoir va O‘zbekiston aloqalari xususida so‘zlarkan, hamkorlik o‘zaro hurmatga tayanishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, Jazoir O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olib, Toshkentda o‘z elchixonasini ochgan mamlakatlar sirasiga kiradi. Mushtarak madaniy meros va tamaddunga ega ikki xalqni mustahkam tarixiy rishtalar bog‘laydi.
Diplomatning ta’kidlashicha, Jazoir rahbariyati O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga tayyor.
Joriy yil 20 oktyabr kuni Toshkentda Jazoir Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi Hassan Rabexi va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov ishtirokida siyosiy maslahatlashuv bo‘lib o‘tgan va muzokaralar yakunida tomonlar Hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risida bitim imzolagan edi. Jazoir elchisi Naser Busherit mazkur muzokaralar samarali kechganini qayd etib, hamkorlikka oid bitim imzolanganini yuksak baholadi. Diplomat ikki tomonlama aloqalar bundan-da yuksak darajaga ko‘tarilishiga umid bildirdi.
Jazoir elchisi 1954 yil 1 noyabr zamonaviy Jazoir tarixida muhim sana bo‘lganini qayd etdi.
“Jazoirdagi bugungi barqarorlik va tinchlik zamonaviy demokratik davlat qurish hamda kuchli va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish yo‘lidagi izchil chora-tadbirlar mevasidir. Jazoir tashqi siyosati xalqaro huquq ustuvorligi, ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan, muzokaralar asosida hal etish, o‘zaro hurmat va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga tayanadi. Mazkur tashqi siyosat tufayli mening mamlakatim mintaqada barqarorlik kafolatiga aylanib, yaqin qo‘shnilarga aloqador ziddiyatlarni bartaraf etishda jonbozlik ko‘rsatmoqda”, – dedi elchi Naser Busherit.
Eslatib o‘tamiz, 1830 yili Jazoir hududiga frantsuz mustamlakachilari bostirib kirdi. 1920-30 yillarda mamlakatda milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1945 yilda ro‘y bergan dastlabki qo‘zg‘olon mustamlakachilar tomonidan bostiriladi. 1954 yil 1 noyabrda esa Jazoirda Milliy ozodlik fronti tashkil etildi. Shu tariqa milliy ozodlik yo‘lida 8 yilga cho‘zilgan kurash boshlandi. 1962 yilning 5 iyulida Jazoir mustaqillikka erishdi.
Jazoir Afrikaning shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatlaridan biri sanaladi. Hozirga qadar mamlakat yalpi ichki mahsulotining salmoqli ulushini gaz va neft eksporti tashkil etib kelgan. Keyingi yillarda Jazoirda iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, tovar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, iqtisodiyotga xorij sarmoyasini ko‘proq jalb etishga e’tibor qaratilmoqda. 2 381 740 kvadrat kilometr maydonni egallagan mamlakatda 40 milliondan oshiq aholi istiqomat qilmoqda.
Sobir Salim