Naftali Bennet – ustozidan o‘zgan shogird

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning 12 yillik hukmronlik davri yakuniga yetdi. Endilikda mamlakat hukumatini uning sobiq shogirdi Naftali Bennet idora etadi. Uzoq yillar Netanyahu qo‘l ostida ishlagan Bennet 2008 yilda siyosiy kelishmovchiliklar sabab ustozi bilan xayr-xo‘shlashgan va yangi partiyaga asos solgan edi. Xo‘sh, yangi bosh vazirning Falastinning bosib olingan hududlari borasida pozitsiyasi qanday?

Naftali Bennet Isroilning Hayfa shahrida, AQShdan ko‘chib kelganlar oilasida tug‘ilgan. Yigitlik yillarida Isroil armiyasining maxsus bo‘linmasida xizmat qilgan va harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan. Ko‘p yillar davomida u “Likud” partiyasi yetakchisi Netanyahuning shunchaki safdoshi o‘laroq baholangan. Ustozi bilan yuzaga kelgan ziddiyatdan keyin u mustaqil siyosatchi sifatida parlament va hukumat faoliyatida ishtirok eta boshlagan.

Siyosiy qarashlariga ko‘ra Isroilning yangi bosh vaziri ultramillatchi sanaladi. U Isroil yahudiylarning milliy davlati bo‘lishi kerak deb biladi. Bennet, shuningdek, Isroil tomonidan 1967 yilda bosib olingan Iordan daryosining G‘arbiy sohili, Sharqiy Quddus va hatto Suriyaning G‘o‘lon tepaliklariga ham egalik da’vo qiladi.

G‘arbiy sohilda qurilgan yahudiy inshootlari Isroil–Falastin munosabatidagi eng ziddiyatli masalalardan ekani ma’lum. Falastin xalqaro hamjamiyat noqonuniy deya baholaydigan ushbu qurilmalarni buzishni talab qilib kelmoqda. Bennet esa ularni saqlab qolish tarafdori.

Yangi bosh vazir ommaviy axborot vositalarida Falastinga nisbatan murosasiz chiqishlari bilan tanilgan. Isroil telekanali orqali efirga uzatilgan siyosiy munozaralardan birida knessetning (mamlakat parlamenti) arab deputati yahudiylar G‘arbiy sohilda turarjoy qurishga haqli emasligini aytgan. Bennet esa unga javoban “Biz bu yerda yahudiy davlatini barpo etganimizda sizlar hali daraxtdan tushmagan edingiz!” deya keskin javob bergan.

Dunyo hamjamiyati, xususan, BMT Isroil va Falastin – ikki davlat g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bennet esa bu g‘oyani rad etadi. “Isroilning bir qarich ham yerini bermayman. Tamom-vassalom!” deya bayonot bergan u joriy yil fevral oyida. U aksincha G‘arbiy sohilning qolgan qismini ham Isroilga qo‘shib olish kerak deb biladi.

Yaqinda ro‘y bergan hamda Falastindagi 200 dan ziyod tinch aholi halok bo‘lishiga olib kelgan qurolli ziddiyatlarda ham Bennet HAMASni ayblagan.

Isroil sobiq bosh vaziri Binyamin Netanyahuning esa siyosiy karerasi xotima topgani aytilmoqda. Ayni paytda uning ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Hukumatning sobiq rahbari poraxo‘rlik, tamagirlik, byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish, firibgarlik hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Bosh vazirlik kursisi va daxlsizlik maqomini yo‘qotgan Netanyahuning ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi ham istisno etilmayotir.

C.Calim