Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida 7-14 mart kunlari “Mug‘om olami” an’anaviy V Xalqaro maqom festivali bo‘lib o‘tdi. Haydar Aliyev fondi, Madaniyat va turizm vazirligi, Kompozitorlar uyushmasi, Ozarboyjon milliy fanlar akademiyasi va milliy konservatoriya tomonidan tashkil etilgan tadbirda Turkiya, Moldova, Polsha, Eron, Iroq, Iordaniya, Misr, Suriya, Tojikiston, Qozog‘iston, Marokash, Frantsiya, Kanada, Gollandiya, Vengriya, Serbiya, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar vakillari qatnashdi.
Xalqaro festivalda o‘zbekistonlik san’atkorlar ham munosib ishtirok etdi. Jumladan, Ilyos Arabov (xonanda) birinchi, Azamat Ergashev (nay) va Otabek Akramov (dutor) uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdilar.
Festival doirasida mug‘om mavzusida ilmiy anjuman ham tashkil etildi.
“Mug‘om Ozarboyjon xalq musiqa san’atining gultoji sanaladi. U YuNESKOning butunjahon nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani ham bejiz emas”, – dedi Ozarboyjon madaniyat va turizm vaziri Abulfas Garayev.
Ozarboyjon milliy fanlar akademiyasi prezidenti, akademik Akif Alizoda ham ko‘hna mug‘om san’ati mamlakatning qimmatli madaniy merosi ekanini ta’kidladi.
“Mug‘om milliy ma’naviy qadriyatlarni hamda islom dunyosi xalqlarining tarixiy-madaniy aloqalarini saqlash va rivojlantirishda muhim o‘rin tutgan. Asrlar mobaynida avloddan avlodga o‘tib kelgan mug‘om san’ati bugun ham Ozarboyjonda nash’u namo topmoqda”, – dedi A.Alizoda.
Xalqaro mug‘om festivali 2009 yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad mug‘om san’atini dunyo xalqlariga tanitish, Sharq musiqasi an’analarini saqlab qolish va madaniy aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.
Mamlakatda 2008 yilda Xalqaro mug‘om markazi ochilgan.