“Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonida 2 mlrd mablag‘ yig‘ildi

O‘zbekiston Ekologik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston velosiped sporti Federatsiyasi, Davlat Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafoni o‘tkazildi.

Velomarafon 21 may kuni Andijon viloyatining Xonobod shahridan start oldi. Qariyb 15 kun davomida ekovelomarafonchilar Andijon, Farg‘ona, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan o‘tib, Sirdaryo, Jizzax, Samarqandda Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatidan yo‘lga chiqqan velomarafonchilar bilan uchrashdi.

Velomarafon ishtirokchilari Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari hududlaridan o‘tib, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga yetib keldi.  Co‘nggi bosqichda ishtirokchilar Beruniy tumanidagi Quyi-Amudaryo biologik qo‘riqxonasida bo‘lib, qo‘riqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Oxirgi manzil Nukus – Qo‘ng‘irot – Mo‘ynoq yo‘nalishi bo‘lib, velomarafonchilar Mo‘ynoq tumanidagi “Kemalar qabristoni” hududida finishga yetib kelishdi.

Velomarafon ishtirokchilari qariyb 2000 kilometrlik masofani bosib o‘tib, finish chizig‘ini 55 nafar velosipedchi bosib o‘tdi.

Ekovelomarafon doirasida har bir hududda daraxt ko‘chatlarini ekish aktsiyalari, ekologik davra suhbatlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun madaniy-ma’rifiy tarbirlar tashkil qilindi. Bu ekologik xayriya tarbirlari jayonida 1 500 ga yaqin velosport ustalari va havaskorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi yoshlar qanoti yetakchisi Islom G‘ulomovning aytishicha, “Mo‘ynoqqa madad” ekologik xayriya velomarafonidan tushgan mablag‘lar Mo‘ynoq tumanidagi “Aliovul” qishlog‘ini obod qilish, sug‘orish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmog‘ini tortish, ish o‘rinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish bo‘yicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Hozircha xayriya marafoniga Respublikamiz viloyatlari hokimliklaridan, ekologiyaga xayrixoh fuqarolardan 2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Kamol Jumaniyozovning aytishicha, ushbu velomarafon va xayriya tadbiri yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ekopartiya tashabbusi bilan bunday tadbirlar har yili o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.