“Rossiya veteranlari” harakati mamlakat bosh prokuroriga “Garegin Njde” deb atalgan film namoyishidan norozi bo‘lib murojaat bo‘ladi. Bu haqda “REN TV” xabar berdi.
Gap shundaki, Rossiya armanlar ittifoqi arman armiyasining 30 yilligi kuni munosabati bilan Moskvada mazkur film namoyish etilishini ma’lum qilgan. Rossiyalik urush faxriylari esa bu holatni natsistlar hamda ularning sheriklarini oqlashga urinish deb baholamoqda.
Qayd etilishicha, arman davlat va harbiy arbobi sanalgan Garegin Njde (1886-1955) Ikkinchi jahon urushi yillarida Uchinchi reyx bilan hamkorlik qilgan.
Rossiyalik veteranlar mazkur shaxsni gitlerchilarning hamtovog‘i deb atagan va unga bag‘ishlagan film namoyishini qoralagan.
“Regnum” agentligi xabariga ko‘ra, Moskvada o‘tishi rejalashtirilgan film namoyishi politsiya tomonidan to‘xtatilgan. Politsiya vakili yig‘ilganlarga natsizmni reabilitatsiya qilish jinoyat ekani xususidagi prokuror xulosasini o‘qib eshittirgan.
Ikkinchi jahon urushi yillarida natsistlar hokimiyati bilan hamkorlik qilgan sobiq Ittifoq respublikalari fuqarolari hamda turli guruhlarning xatti-harakati ko‘p yillardan beri bahs-munozaralarga sabab bo‘lib keladi.