Olimlar ota-onalarni jiddiy ogohlantirib, sakkiz yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga, uyali aloqa telefonlaridan foydalanishga ruxsat bermaslik kerakligini e’tirof etishmoqda. Bunday natijalarga ko‘p yillik tadqiqotlar sabab bo‘lmoqda. Aks holda bolalarda miya o‘simtasi paydo bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lishi mumkin, deb aytishmoqda doktorlar. Bunday kuzatuvlar Britaniyada katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
To‘rtdan sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun maxsus uyali telefonlar ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z faoliyatini zudlik bilan to‘xtatishga majbur bo‘ldi. 2000 yildan beri Britaniyada mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni besh marotaba ko‘paygan va ayni vaqtda 50 million kishidan ortib ketgan. Xuddi shu yillar ichida tezkor aloqa vositalaridan foydalanadigan bolalar soni ham kamida besh marotabaga ortgan. «Uyali aloqaning inson organizmiga ta’siri» qo‘mitasi raisi, Nurlanishdan saqlanish milliy kengashi professori Uilyam Stuard o‘zining ko‘p yillik to‘rt tadqiqotini jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Shvetsiyada o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalari shuni ko‘rsatdiki, uzoq vaqt uyali aloqadan foydalanayotgan kishilarda quloq va miya o‘simtasi rivojlanishi ehtimoldan xoli emas.
Xuddi shunday izlanishlar Gollandiyada ham o‘tkazildi. Ularga ko‘ra, telefon stantsiyalari yaqinlarida yashovchi kishilar boshqalarga qaraganda o‘z sog‘liqlaridan ikki barobar ko‘proq shikoyat qilmoqdalar va ularning ko‘pchiligida saraton kasalligi aniqlanmoqda. Yana bir tekshiruv, Yevropa ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan dastur shuni ko‘rsatdiki, uyali aloqa to‘lqinlari inson organizmi hujayralariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ularni yakson qilishga sababchi bo‘ladi.
Professor Stuardning aytishicha, hali ilmiy jarayon davom etadi. «Biroq, qo‘limizdagi dalillar ko‘p narsalarga aniqlik kiritayapti. Ammo bir narsa qat’iyan aniqki, nurlanishga birinchi bo‘lib yosh avlod duchor bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, ota-onalar o‘z farzandlarining sog‘lig‘i uchun qayg‘urgan holda, uyali telefondan foydalanish me’yorlarini ko‘rib chiqishlari va ularga mobil aloqa zarur bo‘lmasa, imkon qadar foydalanmaslikni tavsiya etishlari lozim.» Professorning ushbu chaqiriqlari e’tiborsiz qolmadi.
Bir necha kundan so‘ng Milliy maktablar assotsiatsiyasi bosh direktori Devib Xard maktablarda uyali telefonlardan foydalanmaslikni so‘radi va salbiy oqibatlar haqida o‘ylab ko‘rishga chaqirdi. O‘z navbatida, uyali telefonlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar tekshiruvlar natijalarini g‘azab bilan qabul qilib, hali inson organizmi uchun telefonlarning zararliligiga to‘liq isbot va dalillar keltirilmaganini qayd etishdi.
Umumjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yaqin yillar ichida Yer yuzidagi hamma ilmiy tekshiruvlarni jamlab chop etishni rejalashtirmoqda. Shundan so‘ng, ushbu muammoli masalaga oydinlik kiritilishi mumkin, deb ta’kidlanmoqda. Mamlakatning boshqa hududlarida esa vaqtni boy bermay xavfsizlik choralari allaqachon ko‘rila boshlandi. Angliyaning Yangi Uoltem shahridagi tadbirkorlik va ishbilarmonlik kollejida eshikdan kiraverishda maxsus tezkor aloqa vositalarini fosh etuvchi skaner o‘rnatildi. Agarda qay bir o‘quvchida telefon topiladigan bo‘lsa, maxsus xizmat vakillari uni darhol musodara qilib, ota-onalariga berib yubormoqdalar.
Shvetsiya olimlarining bayonot berishicha, akustik to‘lqinlar markaziy nerv sistemasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan telefon qaysi tarafda foydalanilsa, shu tarafdagi miya faoliyatini ko‘proq kuchsizlantirmoqda va zararli o‘simta hosil bo‘lishiga olib kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, har yili 100000 nafar kishining eshitish sistemasini ishdan chiqarib, kelajakda kar bo‘lishga olib kelmoqda. Natijada ular o‘simtani yo‘q qilish uchun xirurglar xizmatidan foydalanishga majbur bo‘layaptilar. Aksariyat hollarda operatsiyalar ijobiy kechib, kishi eshitish qobiliyatini saqlab qoladi.
Har yili esa Buyuk Britaniyaning 4700 fuqarosida miya o‘simtasi aniqlanayapti, ularning soni oxirgi 30 yil ichida o‘rtacha 45 foizga ko‘paygan. Afsuski, o‘simta paydo bo‘lishining asosiy sabablari hali to‘liq o‘rganib chiqilmagan. Shu sababdan asosiy xavf qaerdan kelib chiqayotgani va oqibatlari to‘liq aniqlanmagan. Buning uchun hali ko‘p yillik tekshiruvlar va tadqiqotlar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi, lekin har ehtimolga qarshi ortiqcha nurlanishdan saqlanish maqsadga muvofiq bo‘lar edi, deb ogohlantirmoqda olimlar.