26 sentyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida frantsiyalik tadqiqotchi va tarjimon Stefan Dyuduanon bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’rifiy tadbir Yevropa tillari bayrami munosabati bilan Frantsiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil etildi.
Ko‘p yillardan buyon Markaziy Osiyo adabiyoti va madaniyati sohasida izlanishlar olib borayotgan Stefan Dyuduanon atoqli adib Abdulhamid Cho‘lponning “Kecha va kunduz” romanini frantsuz tiliga tarjima qilgan.
Frantsiyalik mehmon jadid ma’rifatparvarlari, xususan, Cho‘lpon hayoti va ijodi xususida so‘zlab berdi.
“Cho‘lpon favqulodda noyob iste’dod sohibi sifatida meni hamisha o‘ziga rom etib kelgan. Uning ijodi va shaxsiyatini o‘rganish uchun ko‘p yillar davomida izlanib kelaman. Shu maqsadda yurtingizda ko‘p bora mehmon bo‘lganman. Begali Qosimov, Ozod Sharafiddinov kabi olimlar bilan suhbatlar qurganman. Cho‘lpon mustamlakachilikka tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan, hamisha ozodlik uchun kurashgan bukilmas irodali adib edi”, – dedi Stefan Dyuduanon.
Cho‘lponning ijodiy merosi haqida gapirgan tadqiqotchi “Kecha va kunduz” romaniga yuksak baho berdi.
“Menimcha, dunyo adabiyotida “Kecha va kunduz” kabi roman kam topiladi. O‘smirlik chog‘idayoq jahon adabiyoti durdonalarini o‘qib chiqqan yosh adib o‘z romanida ham G‘arb adabiyoti novatorligi, ham Sharq donishmandligini muvaffaqiyatli tarzda uyg‘unlashtira olgan. Ammo Cho‘lpon shaxsi va ijodi hali jahon adabiyotida munosib darajada baholanmagan. “Kecha va kunduz” romani xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda. Dunyo fikr ahli romanni o‘z ona tilida o‘qib chiqqach, asar va uning muallifiga munosib baho beradi, degan umiddaman. Vaqti kelib, ehtimol 50 yildan keyindir, jahon adabiyoti tarixida Cho‘lpon o‘ziga munosib o‘rin topishiga ishonaman”, – deb ta’kidladi frantsiyalik tadqiqotchi.
Stefan Dyuduanon “Kecha va kunduz” romani tarjimasi xususida ham so‘zlab berdi. Unga ko‘ra, ijodiy jarayoni mashaqqatli, ammo qiziqarli kechgan. Tarjimon kezi kelganda Cho‘lpon tiliga xos bittagina jumlaning frantsuzcha muqobilini topish uchun ikki-uch kunlab izlangan.
“Cho‘lpon ijodining o‘ziga xosligi shundaki, u muayyan g‘oya yoki fikrni asar siyrati, sur’ati va musiqiy ohangiga sindirib yuboradi. Bu jihatdan, tarjima jarayonida asliyatni saqlab qolish ikki karra mas’uliyat yuklaydi. Albatta, tarjima qanday chiqqaniga xolis bahoni o‘quvchi beradi. Ammo men ana shu ijodiy mas’uliyatni his etgan holda qalam tebratganman”, – deya hikoya qildi tarjimon.
Frantsiyalik mehmon ma’ruzadan so‘ng tadbir ishtirokchilari – ziyolilar, adabiyot muxlislari va jurnalistlarning savollariga javob berdi.
Stefan Dyuduanon – islom tarixi, Markaziy Osiyo madaniyati va adabiyoti mavzulariga ixtisoslashgan tadqiqotchi hamda tarjimon. U, shuningdek, Frantsiya Ijtimoiy fanlar bo‘yicha tadqiqotlar oliy maktabi (EHESS) hamda Ilmiy tadqiqotlar milliy markazi (SNRS) xodimi hamdir.
Frantsiyaning Toshkentdagi elchixonasi Yevropa tillar bayrami doirasida 27 sentyabr kuni yurtimizdagi hamkor diplomatik vakolatxonalar bilan birgalikda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida ham she’riyat kechasi o‘tkazilishini ma’lum qilgan.