Mavlut Chovusho‘g‘li: “Nizolarni tinch yo‘l bilan hal etishda ko‘makka tayyormiz”

Joriy yil 30 iyun kuni Istanbulda xalqaro diplomatiyaning vositachilik masalalariga bag‘ishlangan IV anjuman bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli mashvarat arafasida Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li muallifligida maqola e’lon qilindi. Quyida e’tiboringizga ana shu maqolaning tarjimasi havola etilmoqda.

  Diplomatiyani mustahkamlash, vositachilikda sa’y-harakat

Turkiyaning Istanbul shahrida joriy yil 30 iyun kuni “Diplomatiyani mustahkamlash, vositachilikda sa’y-harakat” mavzusida IV Istanbul vositachilik konferentsiyasi o‘tkaziladi. Butun dunyo ekspertlari, diplomatlari, amaliyotchilar va olimlar nizolar oldini olish va hal qilishning noyob uslubi sifatida vositachilikni targ‘ib etishning yo‘llari va usullari  borasida fikr almashadilar.

Turkiya va Finlandiya BMT qoshida “Tinchlik uchun vositachilik” tashabbusi bilan chiqqanidan buyon vositachilik faoliyati global miqyosda kengayib bormoqda. Mazkur tashabbus Vositachi do‘stlar guruhining tuzilishi bilan yakunlandi. Guruhning hozirgi kunda 53 ta a’zosi bo‘lib, bularning 48 tasi davlat va 5 tasi xalqaro tashkilotdir. Shuningdek, preventiv diplomatiya va vositachilikning BMT doirasida, mintaqaviy va quyi tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyatlaridagi xalqaro salohiyati sezilarli darajada yaxshilangan. Ushbu guruh BMT qoshida vositachilikni targ‘ib qiluvchi yetakchi platformaga aylangan. Guruh vositachilikning normativ va g‘oyaviy asosini tashkil etuvchi BMT Bosh Assambleyasi 4 ta qarorining qabul qilinishini jadallashtirdi. Shuningdek, guruh dunyo bo‘ylab vositachilikni tadqiq etayotgan va amaliyotda qo‘llayotganlar uchun qomusiy hujjat – 2012 yilda qabul qilingan Samarali vositachilik bo‘yicha BMT yo‘riqnomasiga ham o‘z hissasini qo‘shgan.

BMT Bosh kotibi janob Antoniu Guterrish BMTning vositachilikdagi qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini yanada rivojlantirishga tayyor ekanini izhor etdi. Bu sa’y-harakatlar maqtovga sazovor. BMTga a’zo barcha davlatlarni BMT Bosh kotibi janob Guterrishning dolzarb nizolarni oldini olish va hal qilishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Turkiya ishning o‘ziga tegishli qismini  bajarmoqda. Turkiya faol yoki muzlatilgan doimiy to‘qnashuvlar bardavom bo‘lgan keng mintaqada joylashgan. Nizolarni oldini olish va tinch yo‘l bilan hal qilish Turkiyaning tashabbuskor va insoniy tashqi siyosatining asosiy tamoyili hisoblanadi. Turkiya Afrikadan Yaqin Sharqqacha, Bolqondan Kavkazgacha bo‘lgan keng jug‘rofiy mintaqada turli chora-tadbirlar ko‘radi. Biz uchun tinchlik o‘rnatish faoliyati – insoniy taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liq. Bu yil Turkiya aholi jon boshiga ko‘rsatilgan insoniy yordam bo‘yicha yana dunyoda eng peshqadam xalq deb topildi.

Turkiya Istanbul vositachilik konferentsiyasiga 2012 yildan buyon mezbonlik qilib kelmoqda. Ushbu muhim mashvaratlardan ko‘zlangan maqsad nizolarning oldini olish va vositachilik sohasidagi ko‘plab amaliyotchilar va olimlarning boshini qovushtirishdan iborat. Qolaversa, tadbirning asosiy maqsadi nazariya va amaliyot o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash, xalqaro hamjamiyatning vositachilik intilishlari ko‘lami, natijasi va samaradorligini oshirishga yordamlashishdir. Dunyo bo‘ylab ziddiyatlarni hal qilish bilan muntazam shug‘ullanayotgan vositachilar xizmatini alohida e’tirof etishni istardim.

Bu yil konferentsiyada vositachilik uslubi va amaliyoti qanday qilib bugungi kun talablariga javob berishi mumkinligi borasida muhokamalar olib boriladi. Bu borada ikki masala alohida ko‘rib chiqiladi. Birinchisi – ziddiyatning oldini olishdan u hal qilinguncha, ya’ni tinchlik kelishuvi joriy qilinguncha bo‘lgan nizo muhitining barcha darajasida vositachilikning o‘rni. Ikkinchi masala – siyosiy, etnik, diniy moyilliklar dushmanlik muhiti yaratadigan zaminda sulh vositasi sifatida vositachilikni kengroq qo‘llash modellari.

Keyingi masala, ayniqsa, ahamiyatli. Negaki, taassuf-la aytish joizki, siyosiy, ijtimoiy va diniy ziddiyatlarning turli shakllarida ekstremal moyilliklarga shohid bo‘lmoqdamiz. Yevropada musulmon va migrantlarga qarshi xujumlar sonining ko‘paygani buning yaqqol misoli bo‘la oladi. Nizoning oldini olish o‘ta muhim. Biroq jamiyat turfaxillikni tan olib, hurmat qilsagina hamda haqiqiy muloqot va hamkorlik yo‘lga qo‘yilsagina nizolarning oldini olish mumkin bo‘ladi. Men ishonamanki, xulq-atvorning ilg‘or qonun-qoidalarini mukammal ravishda o‘zlashtirgan vositachilar ziddiyatli vaziyatlarda katta muvaffaqiyatlarga erisha oladilar. Buning uchun biz, jumladan, yoshlar, ayollarni bu ishga targ‘ib qilgan holda, ko‘proq vositachilarni o‘qitishimiz, ularni oqilona vositalar bilan qurollantirishimiz lozim.

Global miqyosda tinchlikni barqaror etish yo‘lidagi intilishlarimizda katta to‘siqlarga duch kelamiz. Lekin bu to‘siqlar aro imkoniyatlarni ko‘ra olishimiz zarur. Xalqaro hamjamiyat vositachilik orqali nizolarni tinch yo‘li bilan hal qilishga tayyor bo‘lmog‘i va bu niyat ustuvor ahamiyat kasb etmog‘i lozim. IV Istanbul vositachilik konferentsiyasi ishtirokchilarini kutib olishga tayyorlanar ekanmiz, men xalqaro hamjamiyatni vositachilikda amaliy harakatga da’vat etib qolaman.

Shu mavzudagi maqolalar:

O‘zbekiston va Turkiya TIV o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi. 26.04.2017

Mavlut Chovusho‘g‘li: Xorijda FETÖga tegishli saksonga yaqin tuzilma yopildi. 15.12.2016