Joriy hafta Turkiyaning Istanbul shahrida global hamda mintaqaviy ziddiyatlar hamda ularni hal etish yo‘llariga bag‘ishlangan ikki anjuman o‘tkaziladi. Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lining mazkur anjumanlar munosabati bilan yozgan “Tinchlikka erishish uchun tashabbuskor tashqi siyosat lozim” deb nomlangan maqolasi e’tiboringizga havola etilmoqda.
Joriy hafta Istanbulda vositachilik (mediatsiya) mavzusida alohida, ayni choqda, o‘zaro bog‘liq ikki xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi. Ulardan biri ziddiyatlar kechayotgan hududlardagi bugungi vaziyat hamda bu borada Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) a’zolarining vositachilik imkoniyatlariga bag‘ishlanadi. Ikkinchi anjuman yanada keng masalalarni qamrab oladi. Anjuman sessiyalarida barqaror taraqqiyot, tinchlik hamda vositachilik munosabati; vositachilik orqali gender tengligini ta’minlash va ushbu jarayonlarga yoshlarni jalb etish kabi masalalar muhokama etiladi. Shuningdek, ziddiyatlar va vositachilik tadqiqida ma’lumotlar bazasi va sun’iy intellektning roliga doir qarashlar ko‘rib chiqiladi.
Bunday mashvaratlar kimgadir foydasiz tuyulishi mumkin, ammo vositachilik bo‘yicha Istanbul anjumanlari muammolarni umumiy idrok etish, vositachilik jabhasidagi sa’y-harakatlar kun tartibi hamda ziddiyatlarni tinch yo‘l bilan hal etishga hamisha sezilarli ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Mazkur anjumanlar mezboni hamda BMT, IHT va YeXHT kabi uchta muhim xalqaro tashkilotda Vositachi davlatlar do‘stlik guruhi hamraisi bo‘lgan yagona mamlakat sifatida Turkiya ushbu anjumanlar natijalarini nomi zikr qilingan xalqaro tashkilotlarda ham tatbiq etish imkoniga ega.
Ne tongki, XXI asrda insoniyat favqulodda mushkul sinovlarga ro‘baro‘ kelmoqda. Ko‘pchilik xalqaro huquq, xalqaro institutlar, demokratiya va qonun ustuvorligi, hisobdorlik, erkin savdo, gender tengligi va boshqa masalalardagi yutuqlarni inobatga olib, “stakan yarmi to‘la” deb o‘ylab turgan bir paytda, stakanning yarmi bo‘sh ekani ayon bo‘lib qolmoqda. Bu holatlardan barchamiz xabardormiz va ularni qayta eslab etishga hojat yo‘q. Savdo urushlari, xalqaro ekspluatatsiyaning yangi shakllari, geosiyosiy raqobat, buyuk davlatlar olib borayotgan proksi-urushlar, inqirozga yuz tutayotgan milliy davlatlar, terrorizm, ksenofobiya, islomga dushmanlik, kuchayib borayotgan tengsizlik va adolatsizlik – bular “ctakanning yarmi bo‘sh” ekanini oshkor etayotgan zamonaviy muammolardir.
Sirasini aytganda, insoniyat yuzma-yuz kelayotgan sinov-imtihonlar odamzodning yutuq hamda imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarmoqda. Xo‘sh, endi qaysi tomonning qo‘li baland keladi? Bu savolning javobi biz, insonlar ijobiy natijalarga erishish uchun bir yoqadan bosh chiqarib ishlay olishimiz, shuningdek, muammolarga qanday munosabatda bo‘lishimizga bog‘liq. Bir narsa aniq: agar biz tashabbuskorlik, oqillik va insonparvarlik namunasini ko‘rsatmasak, yovuzlik g‘alaba qozonishi hech gap emas. Bugun kutish va kuzatish pozitsiyasi o‘zini oqlamaydi. Siyosiy yondashuvlar vositachilik va terrorchilarga qarshi amaliy kuch ishlatish orasida ajralib qoladi.
Keling, Suriyadagi vaziyatni ko‘rib chiqaylik. Turkiyaning tashabbuskor va insoniy yondashuvi tufayli umumiy miqdorda 4000 kvadrat kilometr maydon DAISh va PPK/PYD/YPG kabi ikki terrorchi tashkilotdan tozalandi. Agar biz vaziyatga aralashmaganimizda, xalqimiz mudom terrorchilar nishoniga aylanar, qolaversa, Suriya fojiasining siyosiy yechimi ham topilmas edi. Turkiya gumanitar fojiani yengillatish uchun bor imkonini ishga soldi, dunyo bo‘yicha eng ko‘p qochqinlarni qabul qildi. Qochqinlarga dunyodagi eng katta iqtisodiyot egasidan ham ko‘ra ko‘proq sarmoya yo‘naltirmoqda, gumanitar yordamga ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Turkiya, shuningdek, o‘n minglab, balki yuz minglab insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiluvchi bitimlarni qo‘llab-quvvatlamoqda, qo‘shni Suriyaning hududiy yaxlitligiga asoslangan siyosiy qarorlarni dastaklamoqda.
Suriyadagi vaziyatni misol qilib keltirganimiz bejiz emas. Suriya yana bir bor vaziyatga aralashish qanchalik muhim ekanini ko‘rsatdi. Negaki, mamlakat urush olovi domida qolgan pallada, ayonki, o‘sha mamlakatning ertangi kuni noayon bo‘lib qoladi. U yoki bu tarzda butun bir avlod boy beriladi; kelajak mavhumot pardasi ortida qoladi. Terrorchilik hamlasi, iqtisodiy inqiroz, noqonuniy migratsiya yoki tilkalangan qalblar… bularning bari hatto minglab kilometr olisdagi insonlarni ham tashvishu iztirobga soladi.
Ziddiyatlar oldini olish va ularni tinch yo‘l bilan hal etish birlamchi masala ekan, u holda biz bunga jiddiy kirishmog‘imiz shart. Bu esa, BMT, IHT va YeXHT Vositachi davlatlar do‘stlik guruhlari hamraisi va joriy hafta Istanbulda vositachilik mavzusida o‘tadigan ikki anjuman tashkilotchisi sanalgan Turkiyaning kelgusi sa’y-harakatlariga turtki beradi.