O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yozuv saqlanmoqda. Bu yozuv miloddan avvalgi V asrga tegishlidir, ya’ni 2500 yillik tarixga ega. Bu haqida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi xabar tarqatmoqda.
1976-1977 yillarda professor M.Mambetullayev rahbarligidagi arxeolog-olimlar guruhi Katta Aybuyirqal’ani qazish paytida 3ta katta xum topib oladi. Bu xumlarning suv va don saqlash uchun yasalganligi aniqlanadi. Xumlarning birida tig‘ bilan bitilgan yozuvlar mavjud ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, bo‘yi 1 metr keladigan o‘tda pishirilgan xumdagi Qadimiy Xorazmga tegishli bu yozuvlar Markaziy Osiyoda eng eski yozuv sifatida fanda qayd qilingan edi.
Olimlar shu paytgacha Qadimiy Xorazm hududidagi eng eski yozuv deya Qo‘yqirilganqal’a (Ellikqal’a tumani hududida joylashgan)da topilgan idishdagi yozuvni hisoblab kelgandi. Qo‘yqirilganqal’adagi bu yozuv esa miloddan avvalgi III-II asrga tegishli aramey yozuvi bo‘lib topiladi. Keyinchalik S.P.Tolstov raxbarligidagi ekspeditsiya tomonidan hozirgi Ellikqal’a tumani hududida joylashgan, qadimiy xorazmshohlar shahri – To‘proqqal’ada ham milodiyy III-IV asrlarga tegishli yozuvlar topilgan.
Katta Aybuyirdan topilgan, Xorazm yozuvining eng qadimiy nusxasы hisoblangan xumdagi yozuvni fors tili bo‘yicha mutaxassis, butun dunyoga mashhur tilshunos olim V.A.Livщits «mri XI h III.III. III.» deb o‘qigan, ya’ni «11 mari 9x». Bu xumning sig‘imlilik hajmini bildiradi. «Mari» o‘lchov birligi Eronda qadimiy axamaniylar davridan ma’lum bo‘lgan. Qadimiy manbalar o‘ni «maris» deb nomlagan. 1 mari 16,5-17 litrga to‘g‘ri kelgan. «9x» esa 1 maridan kamroq o‘lchamni bildirgan. Demak, xumning sig‘imlilik hajmi deyarli 200 litrga yaqin.
Xumni topgan olimlar o‘ni rekonstruktsiya qilib, ichiga suv qo‘yib ko‘rganda 195,5 litr suv sig‘gan. Shunday qilib, xumdgi yozuv uning sig‘imlilik hajmi bilan mos kelgan.
Xum bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi paytida singanligi sababli hozirgi kunda bu betakror esdalik restavratsiyaga muhtoj.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida bu kabi ajoyib esdaliklarning mo‘l bazasi yaratilgan. Lekin, qo‘lay ko‘rgazma joyi bo‘lmaganligi bois, ko‘pchilik bu esdaliklarni ko‘rish imkoniyatiga ega emas.
Mavjud tarixiy va madaniy meroslarimizdan maqsadli foydalanishimiz kerak, bu o‘z navbatida yurtimizda turizmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi tabiiy, albatta.
Oldagi vaqtlari Qadimiy Xorazm tsivilizatsiyasi beshigi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston hududida arxeologiya muzeyi ham qad rostlasa, katta savob ishga asos solingan bo‘lar edi.
Esimqan Qanaatov
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori