Muzokaralarda vitse-prezident Margaritis Sxinasga YeIning O‘zbekistondagi elchisi Sharlott Adrian xonim hamrohlik qildi. Foto: YeI vakolatxonasi
25 noyabr kuni Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Margaritis Sxinas boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda bir qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.
Nufuzli delegatsiya rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, transport vaziri Ilhom Mahkamov, bosh vazir maslahatchisi Mehriddin Xayriddinov hamda ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Najmiddin To‘raxo‘jayev bilan muzokaralar o‘tkazgan.
Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, YeIning yuqori martabali vakili davlatimiz rahbariga Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayenning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
Qayd etilishicha, ikki tomonlama muloqotlar, shu jumladan iqtisodiyot, qonun ustuvorligi, demokratik yangilanishlar, inson huquqlari, xavfsizlik va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik faollashmoqda. O‘zaro savdo hajmi jadal ortmoqda, Yevropa yetakchi kompaniyalarining ilg‘or tajribasi va texnologiyalarini jalb qilgan holda yirik investitsiya loyihalari ustida ish olib borilmoqda. Ta’lim, xavfsizlik sohalarida, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish borasida muhim qo‘shma dasturlar amalga oshirilmoqda.
Vitse-prezident M.Sxinas YeI O‘zbekiston uchun do‘st ekanini ta’kidlagan va xavfsizlik, chegaralarni boshqarish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirgan. Yevropalik yuqori martabali mehmon O‘zbekistonni mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik markazi o‘laroq e’tirof etgan.
EIning yurtimizdagi delegatsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, vitse-prezident Margaritis Sxinas tashrif davomida o‘zbekistonlik hamkorlar bilan ikki tomonlama aloqalar qatorida Belarus rejimi tomonidan YeIga qarshi olib borilayotgan gibrid hujum masalasini ham muhokama qilgan. Xususan, M.Sxinas O‘zbekiston aeroportlaridan 6 mamlakat fuqarolari Belarusga parvoz qilishi cheklangani uchun minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 17 noyabrdan O‘zbekiston hududi orqali Iroq, Suriya, Yaman, Livan, Liviya va Afg‘oniston fuqarolari – tranzit yo‘lovchilarning Belarus Respublikasi hududiga kirishiga hamda ularga aviachiptalar sotilishiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatildi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Belarus ma’muriyati Yaqin Sharqdan kelgan migrantlar vositasida YeIga gibrid hujum uyushtirmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 22 noyabr kuni Dushanbe shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashgan Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ham muzokaralardan keyin “Twitter”dagi postida O‘zbekistonning ayrim tranzit yo‘lovchilar uchun Minskka parvozlarni cheklagani va odam savdosining yangi yo‘nalishini yopgani uchun minnatdorlik izhor etgan edi.