Madaniyat va san’at yo‘nalishidagi yirik loyiha. Istanbulda Otaturk madaniyat markazi qayta ochildi

29 oktyabr – Turkiya Respublikasining 98 yilligi munosabati bilan Istanbuldagi Otaturk madaniyat markazi san’at ixlosmandlari uchun o‘z eshiklarini qayta ochdi. Mahalliy aholi orasida “Ataturk Kültür Merkezi” (qisqacha AKM) nomi bilan tanilgan madaniyat maskani yangidan qurib foydalanishga topshirildi.

Istanbulning mashhur Taqsim maydonida joylashgan muhtasham san’at va madaniyat saroyining rasmiy ochilishi marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, vitse-prezident Fuat Oktay, Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, hukumat hamda parlament vakillari ishtirok etdi. Marosimda, shuningdek, biznes, san’at va akademik sohaning taniqli namoyandalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mahalliy va xorijiy jurnalistlar qatnashdi.

Madaniyat markazining ochilishi doirasida prezident R.T.Erdo‘g‘on taklifiga binoan yaratilgan buyuk me’mor Sinan haqidagi opera premerasi bo‘lib o‘tdi.

Otaturk madaniyat markazi Turkiya madaniyat va turizm vazirligining bugunga qadar amalga oshirgan eng yirik san’at va madaniyat loyihalaridan biri sanaladi. Mazkur hodisa Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan ta’sis etilgan Xalqaro Beyogʻlu madaniyat festivaliga ham o‘ziga xos debocha bo‘ldi.

Madaniyat markazi 2 milliard lira mablag‘ sarflanib, 2,5 yil davomida to‘liq rekonstruktsiya qilindi. Majmua eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan 49000 kvadrat metr, 2040 o‘rinli opera teatri, 16300 kvadrat metr, 802 kishiga mo‘ljallangan teatr zali, 410 kvadrat metr galereya hamda ko‘p maqsadli zaldan iborat. Bundan tashqari, markaz taxminan 100 000 kvadrat metr yopiq maydonga ham ega. Ushbu yopiq maydon musiqa, san’at, arxitektura va dizayn kabi ixtisoslashtirilgan galereyalar, bolalar ijodiyoti markazi, musiqa platformasi, ovoz yozish studiyasi va axborot markazi kabilarni o‘z ichiga oladi. Muazzam madaniyat maskanida kinoteatr, do‘konlar, mashg‘ulot maydonchalari, solist va orkestrxonalar, restoranlar, kitob kafelari, ustaxonalar, ma’muriy va texnik bo‘limlar ham mavjud.