Li Xuey: “Ochiqlik yo‘lidagi islohotlar xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmaydi”

O‘zbekiston hamda Xitoy munosabatlarida ziddiyat yoki kelishmovchilik mavjud emas. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Yevroosiyo ishlari bo‘yicha maxsus vakili Li Xuey 21 noyabr kuni Toshkentda “Bir makon, bir yo‘l” loyihasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy anjumanda so‘zladi. Diplomat ikki davlat hamkorligida “oltin davr” boshlanganini qayd etdi.

“Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va manfaatdorlikka asoslangan strategik hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Bunda esa ikki davlat rahbarlarining o‘zaro do‘stona munosabati muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda Xitoy O‘zbekistonning birinchi savdo hamkori sanaladi. Umumiy sarmoya bo‘yicha miqdori bo‘yicha esa ikkinchi raqamli hamkordir”, – dedi elchi Li Xuey.

Diplomat o‘z nutqida Xitoyda amalga oshirilgan ochiqlik siyosatiga ham to‘xtaldi.

“XXR rahbariyati so‘nggi o‘nyilliklarda ochiqlik siyosatini tanlagani bois iqtisodiyotimiz jadal sur’atda taraqqiy etdi. Mamlakatimiz yopiqlikdan ochiqlikka, qashshoqlikdan farovonlikka, qoloqlikdan ilg‘orlikka yuz burdi. Ammo ochiqlik yo‘lidagi islohotlar xamirdan qil sug‘urgandek oson kechmasligi, yutuqlar zahmatlar va mashaqqatlar evaziga kelishini unutmaslik lozim”, – dedi rasmiy Pekin vakili.

Xitoylik diplomat o‘z nutqida turkiy dunyo mutafakkiri Alisher Navoiyning “Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘, / Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish” da’vatini yodga olar ekan, do‘stona munosabatlar iqtisodiy taraqqiyot garovi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Strategik hamkorlikni rivojlantirish markazi va Xitoyning yurtimizdagi elchixonasi hamkorligida anjumanda ikki davlatning “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasidagi hamkorligi istiqboli muhokama etildi.

Eslatib o‘tamiz, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi XXR raisi Si Szinpin tomonidan dastlab 2013 yilda taklif qilingan edi. Ushbu tashabbus quruqlik (“Ipak yo‘li iqtisodiy belbog‘i”) hamda dengizda (“XXI asr dengiz ipak yo‘li”) yirik loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan. Mazkur global loyiha Osiyo, Afrika va Yevropadagi o‘nlab mamlakatlarning iqtisodiy integratsiyasini ko‘zda tutadi. O‘zbekiston rahbariyati ham ushbu tashabbusni birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatlagan.

Ayni paytda Xitoy O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri sanaladi. 2018 yilda o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 6,42 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. Mazkur ko‘rsatkichni yil oxiri 8 milliard, 2020 yilda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun mamlakatimizda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 1016 korxona faoliyat yuritmoqda.

S.Salim