LEICA: Markaziy Osiyo huquq idoralari raqamli tergov-surishtiruv bo‘yicha mashg‘ulotlarda qatnashdi

Markaziy Osiyo davlatlari (Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikiston) huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari Yevropa Ittifoqining LEICA dasturi doirasida moliyalashtirilgan trening davomida raqamli tergov-surishtiruv asoslarini o‘rgandilar.

Keyingi yillarda raqamli texnologiyalar yordamida sodir etilgan jinoyatlar soni oshib bormoqda. Mazkur turdagi jinoyatlarni fosh qilish murakkab ekani sir emas. Buning uchun jinoyatchilar qoldirgan “raqamli iz”larni aniqlash va katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil etish talab etiladi.

Rayetske Teplitse (Slovakiya) va Praga (Chexiya) shaharlarida o‘tkazilgan uch kunlik trening davomida aynan raqamli tergov-surishtiruvga doir nazariy saboqlar va amaliy mashg‘ulotlarga e’tibor qaratildi.

Trening davomida shubhali akkauntlarni aniqlash va ijtimoiy tarmoqlardagi turli platformalar (Facebook, WhatsApp, Viber, Telegram va h.) orqali yuborilgan matnli xabarlarni tahlil qilish bo‘yicha amaliy mashqlar bajarildi.

Mashg‘ulotlar davomida kimyoviy, biologik, radiologik va yadro sohalaridagi raqamli jinoyatlar ham diqqat markazida bo‘ldi.

Slovakiya va Chexiya politsiyasi kiberjinoyatlar bo‘linmalari xodimlari ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Evropa Ittifoqining LEICA (Law Enforcement in Central Asia) dasturidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston huquqni muhofaza qilish idoralari salohiyatini oshirish, mintaqa mamlakatlari bilan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, o‘zaro axborot almashuvini kuchaytirishdan iboratdir. 2020 yil 1 sentyabrda boshlangan loyiha 2024 yilning 31 avgustiga qadar davom etadi.

Dastur CIVIPOL (Frantsiya) va ISEMI (Slovakiya) konsortsiumi orqali, Interpol ko‘magida boshqariladi.