O‘zbekistonda joriy yil aprel oyi davomida xalqaro jaz festivali o‘tkaziladi. Bu haqda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Krista Pikkat 13 fevral kungi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
O‘zbekistonda ikkinchi bor YuNESKO shafeligida tashkil etilayotgan festivalda AQSh, Frantsiya, Turkiya hamda Latviya ijodiy jamoalari qatnashishi kutilmoqda.
“Latviya o‘tgan yilgi jaz festivalida ham faol ishtirok etgandi. Bu yil Latviya radiosining Big-bend jaz jamoasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi. O‘ylaymanki, ushbu tadbir xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlaydi”, – dedi Latviyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Edgars Bondars.
Suratda: Frantsiya elchixonasining madaniyat ishlari bo‘yicha maslahatchisi Olive Giyom, Latviyaning O‘zbekistondagi elchisi Edgars Bondars hamda Big-bend orkestrining prodyuseri hamda sozandasi Maris Briyejkalns
Matbuot anjumanida Big-bend orkestrining prodyuseri hamda sozandasi, ayni choqda, “Rigas ritmi” xalqaro musiqa festivali ijrochi direktori Maris Briyejkalns ham qatnashdi.
“Jaz bu shunchaki muzey eksponati emas, balki davr o‘zgarishlariga hamohang san’at turidir. Ayrim hollarda jaz san’ati vakillari kuy va qo‘shiqlarni faqat o‘zi uchun ijro etadi, holbuki, jaz ijrochisi tomoshabinni ham unutmasligi kerak. Negaki, jazda tomoshabin shunchaki kuzatuvchi emas, balki faol ishtirokchi bo‘lishi kerak. Ijodiy jamoamiz O‘zbekistondagi jaz festivali davomida Latviya xalq kuy-qo‘shiqlarini taqdim etadi. Ishonchim komilki, gastrolimiz kutilmagan sovg‘alarga boy bo‘ladi”, – dedi Maris Briyejkalns.
Big-bend jamoasi xonandasi Intars Busulis
Latviya jaz san’atida Latviya radiosining Big-bend orkestri muhim o‘rin tutadi. 1966 yilda tashkil etilgan ijodiy jamoa 1996 yilga qadar professional orkestr sifatida faoliyat yuritdi. 2012 yilda afsonaviy guruh faoliyati qayta tiklandi. Ayni paytda ijodiy jamoaga Maris Briyejkalns va dirijyor hamda saksofonchi Karlis Vanags boshchilik qilmoqda. “Novaya volna – 2015” tanlovi gran-prisi sohibi Intars Busulis hamda “Riga Jazz Stage – 2014” tanlovi g‘olibasi Kristine Praulinya – orkestrning yakkaxon xonandalaridir. Ijodiy jamoa maestro Raymond Pauls boshchiligida dunyo bo‘ylab kontsertlar bergan. Xususan, jaz vatani – AQShdagi kontsertlar olqishlar bilan kutib olingan.
Sobir Salim