KXShT bo‘linmalari Qozog‘istonda. Bu holat tarixdagi qayg‘uli hodisalarni yodga soldi

Qozog‘istonda joriy yil yanvar oyi boshida ro‘y bergan ommaviy norozilik va beqarorlik sabab mamlakat rahbariyati Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan (KXShT) yordam so‘radi. Shu tariqa 6 yanvar kuni qo‘shni Qozog‘istonga mazkur tashkilot tinchlikparvar qo‘shini kiritildi.  KXShT kuchlari tarkibida 100 nafar Armaniston harbiysi ham bor.

Bu hol ayrim tahlilchilar tomonidan e’tirozli qabul qilindi. Gap shundaki, yuz yil avval Turkiston hududida arman dashnoqlari tomonidan xunrezlik amalga oshirilgan edi. Xususan, 1917 yil noyabr oyida e’lon qilingan Turkiston muxtoriyati aynan mazkur kuchlar tomonidan qonga botirilgani ma’lum. Shoniyoz Doniyorovning “Muxtoriyat qismati” deb atalgan maqolasida hikoya qilinishicha, “Doshnoqtsutyun” nomli maxsus otryadlar ishtirokida Farg‘ona vodiysi xalqi boshiga tarix ko‘rmagan vahshiyliklar solingan.

Boshqa bir muallif Marat Hasanovning yozishicha, o‘sha fojeali kunlarda Qo‘qonda 3000 kishi halok bo‘lgan, shahar esa portlovchi moddalar bilan bombardimon etilishi tufayli tag-tugi bilan vayron qilingan.

Manbalarga ko‘ra, o‘tgan asrning birinchi choragida qizil armiya bosmachilarga qarshi kurash niqobi ostida qishloqlarni xonavayron qilgan. Bu jarayonda “Doshnoqtsutyun” otryadlari ham ishtirok etgan. Mutaxassislar o‘sha davrda Turkistondagi voqealar bilan Janubiy Kavkazda sodir etilgan zo‘ravonliklar o‘rtasida o‘xshashlik mavjudligini ta’kidlaydi.

Davlat arbobi Turor Risqulov 1919 yilning aprelida Turkiston kompartiyasi musulmon byurosi yig‘ilishida “Doshnoqtsutyun” guruhlari tomonidan Farg‘onada sodir etilgan jinoyatlarni fosh etadi va qizil armiyani dashnoqlardan tozalashni talab qiladi. Shu tariqa Turkiston markaziy ijroiya qo‘mitasi buyrug‘i bilan ular qurolsizlantiriladi.

Tahlilchilar mazkur qayg‘uli hodisani yodga olar ekan, KXShT Armaniston uchun yana turkiy davlatlardan qasos olish vositasi bo‘lib qolishidan ogohlantirdi.

“Bakı xəbər” gazetasi bosh muharriri, siyosiy ekspert Oydin Quliyev “Trend” agentligiga bergan intervyusida KXShT Qozog‘iston suverenitetiga tahdid solishi mumkinligini aytdi.

“KXShT harbiy kuchlarini suveren Qozog‘istonga kiritish haqidagi qaror mazkur tashkilot Xavfsizlik kengashida Armaniston raislik qilayotgan paytda qabul qilingani e’tiborga molik. Bir yil avval Ozarbayjondan urushda mag‘lub bo‘lgan Armanistonning mazkur qarori KXShT turkiy davlatdan qasos olish vositasiga aylanishi ehtimolidan dalolat beradi”, – deydi O.Quliyev.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa KXShT bo‘linmalari kiritilishi ortidan  Qozog‘iston siyosiy mustaqilligining jiddiy qismidan ayrilgani, endilikda rasmiy Nursulton Kreml bilan hisoblashishga majbur bo‘lishini qayd etadi.

Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib-publitsist Akbar Qo‘shali ham “Fikr.uz” caytida e’lon qilingan tahliliy maqolasida KXShTning Qozog‘istonga kirishi va bir asr avval hamda 32 yil avval ro‘y bergan qonli hodisalarni yodga oladi. A.Qo‘shali hozirgi sharoitda turkiy millatlarning birligi va ahilligi suv bilan havodek zarur ekanini ta’kidlaydi.

Eslatib o‘tamiz, KXShT bosh kotibi Stanislav Zas OAVga intervyusida Qozog‘istondagi tinchlikparvar operatsiya yakunlanganini ma’lum qildi.

S.Salim