KXDR talabi qondirilmadi

Osiyo mintaqasidagi ayrim mamlakatlar kun sayin o‘z yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lidagi harakatlarni avj oldirmoqdalar. Hali butkul yechimini topmagan Iroq urushiga ham bu mamlakatda ommaviy qirg‘in quroli mavjudligi asosiy sabab qilib ko‘rsatilgandi.

Iroq masalasi hal bo‘lmay turib, dunyo hamjamiyati oldida yana boshqa muammolar paydo bo‘la boshladi. Osiyo qit’asida joylashgan ikki mamlakat — Eron va Shimoliy Koreya o‘z harbiy salohiyatini yuksaltirish va yadro quroliga ega bo‘lish maqsadida harakat qilayotgani to‘g‘risidagi ovozalar tarqaldi.

Garchi AQSh har doim Eronni atom bombalar yaratish borasida urinishlar olib boryapti, deb ayblasada, rasmiy Tehron bu ayblarni rad etib kelmoqda.

Shu oyning boshida Amerikaning yangi davlat kotibi Kondoliza Rays Yevropa va Yaqin Sharq bo‘ylab qilgan safari davomida Eronga qarshi harbiy harakat boshlash AQSh hukumati oldida turgan asosiy maqsad emasligini ta’kidladi. Shu bilan birga bu borada Yevropa Ittifoqi qattiqqo‘llik bilan siyosat olib borishi lozimligini ham aytib o‘tdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosiy masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Xaver Solana Buyuk Britaniyaning ITV telekanaliga bergan intervyusida Eron yadro ob’ektlariga qilinadigan hujum katta xato bo‘lishi va jiddiy muammoni keltirib chiqarishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.

Solana yana o‘z nutqida Amerika yoki Isroil tomonidan boshlanadigan har qanday bir tomonlama harbiy harakat ma’qul bo‘lmasligini aytib, hozirda YeI uran qazib olish dasturini rad etish evaziga Eron bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida muzokaralar olib borayotgani, Frantsiya, Germaniya, Buyuk Britaniya davlatlari Tehron hukumatini uran qazib olish borasidagi urinishlarini vaqtinchalik emas, butunlay to‘xtatishga majbur qilish uchun harakat boshlab yuborganini bildirdi.
Eron atom quroli borasida o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarni rad qilayotgan bo‘lsa, Shimoliy Koreya hukumati bu borada jiddiy harakat boshlaganini ochiq e’lon qilgan.

O‘tgan payshanba kuni Shimoliy Koreya ilk marotaba rasman mamlakat mudofaasi va o‘zini-o‘zi himoya qilish uchun yadro quroli yaratganini ma’lum qildi. Shu bilan birga KXDR hukumati olti tomonlama muzokaralarda ishtirok etmasligini, AQSh bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri — ikki tomonlama muzokaralar olib borishga roziligini bildirgan. Bunga javoban, Amerika hukumati Shimoliy Koreyaning bu taklifini qondira olmasligini, olti tomonlama muzokaralarni yana qayta boshlash lozimligini ta’kidlagan.
Oq uy matbuot kotibi Skott Maklelan Shimoliy Koreyaning o‘zaro urushmaslik haqidagi shartnomani imzolash va ikki tomonlama muzokaralar olib borish haqidagi talabiga javoban, bu global muammo faqat Amerika va Shimoliy Koreyaga tegishli bo‘libgina qolmay, mintaqaviy muammo bo‘lgani uchun ham, Pxenyan talabi qondirilmasligi, ikki tomonlama muzokaralar olib borish uchun avval olti tomonlama muzokaralarni qaytadan boshlash lozimligini ta’kidladi.

2003 yilning avgust oyida ikki Koreya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya va AQSh davlatlari ishtirokida Shimoliy Koreyaning yadro dasturi borasida urinishlarni to‘xtatish masalasida olti tomonlama muzokaralar boshlangandi. Ammo sentyabr oyida o‘tishi rejalashtirilgan ushbu muzokaralarning to‘rtinchi bosqichi Shimoliy Koreya qatnashishdan bosh tortganligi sababli oxiriga yetmay qolgandi.

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirining aytishicha, KXDR olti tomonlama muzokaralarda o‘z manfaatlariga xizmat qiladigan hech qanday harakat kuzatilmagach, unda ishtirok etishdan bosh tortgan.
Shimoliy Koreya diplomati Xan Sung Royal Janubiy Koreyaning «Hankyoreh» gazetasiga bergan intervyusida Pxenyan AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralardan so‘nggina keyingina olti tomonlama muzokaralar olib borishga rozilik berishi mumkinligini aytgan.

Bush ma’muriyati esa 1994 yilda Klinton ma’muriyati tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato qaytarilmasligini aytgan. Gap shundaki, o‘shanda Bill Klinton KXDR bilan yadro dasturini to‘xtatish haqidagi shartnomani imzolagandi. Ammo 2002 yilga kelib, Jorj Bush Shimoliy Koreyani bu borada harakatlar olib borayotganlikda va shartnomaga amal qilmayotganlikda ayblagandi.

«Hurriyat» gazetasidan olindi.